Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Saudiyaning yetakchi “ACWA Power” kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida “yashil vodorod”ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishni boshlash marosimida ishtirok etdi

// 27 November 2023 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (871.51 KB)

“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda Chirchiq shahrida “Yashil vodorodni ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur investitsion loyiha qiymati 88,0 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Mazkur loyiha doirasida birinchi bosqichda 2025-yilda respublikamizda 3 ming tonna yashil vodorod ishlab chiqariladi va quvvati 52 MVt shamol turbinasi ishga tushiriladi.

Loyihani amalga oshirishda Xitoyning dunyoda yetakchi kompaniyalarining ilgʻor texnologiyalarini hamda tajribalarini qoʻllash, shu bilan birga, muqobil elektr energiya resurslaridan samarali foydalanish natijasida, dunyoda birinchilardan boʻlib yashil vodoroddan mineral oʻgʻitlarni ishlab chiqarishga va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan mahsulotlarni dunyo bozorlariga yoʻnaltirishga erishiladi.

Shuni ham alohida taʻkidlash lozim, bugungi kunda Yevropa davlatlarida yashil mineral oʻgʻitlarga boʻlgan talab juda yuqori boʻlib, ularni 15-20 % qimmatroq sotish mumkin. Bu kabi zamon talablariga mos keladigan mahsulotni ishlab chiqarish Oʻzbekiston kimyo sanoati eksport geografiyasini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Yana bir eʻtiborli jihati shundaki, mazkur loyiha mamlakatimizda “yashil energetika”ni rivojlantirish va iqtisodiyotga energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilishda muhim qadamlardan biridir. Loyihani amalga oshirishdan quyidagi maqsadlar koʻzlangan:

  • Mamlakatimizga kimyo sohasidagi eng oxirgi innovatsion va energo-tejamkor texnologiyalarni olib kirish va shu orqali kimyo sanoati sohasini dekarbonizatsiya qilish hamda yashil texnologiyalarga oʻtish;
  • Oʻgʻit ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni qisqartirish va har yili qariyb 33 million metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish;
  • Ushbu texnologiyalarni amalda sinab koʻrgan va ularni ishlata olish koʻnikmasiga ega boʻlgan mutaxassislar bazasi yaratilishiga erishish;

Ushbu loyiha ekologik jihatdan juda samarali hisoblanadi. Yashil vodorod ishlab chiqarish jarayonida atrof-muhitga zararli tashlanmalar chiqarilmaydi. Bu esa sanoatning tabiatga salbiy taʼsirni kamaytiradi. Shuningdek, u neft yoki tabiiy gaz kabi qazib olinadigan yoqilgʻidan foydalanishni kamaytiradi va iqtisod qilish imkonini beradi. Qolaversa, yashil vodorod yordamida yashil mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish ham tabiiy resurslarning kamayishini oldini olish va qishloq xoʻjaligining atrof-muhitga salbiy taʼsirini qisqartirishga xizmat qiladi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati