Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

“Yashil belbog‘” yaratish ishlari avjida

// 22 November 2022 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (1.97 MB)

Respublikamiz bo‘ylab davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasida “Navoiyazot” AJ jamoasi ham munosib ishtirok etmoqda. Nafaqat korxonaning ishlab chiqarish maydonchasi, balki jamiyatga qarashli ko‘pgina hududlarda tozalash, oqlash,  gul va daraxt ko‘chatlari ekish ishlari amalga oshirilmoqda.

Xususan, Ijtimoiy masalalar bo‘limi, ishlab chiqarish va sexlar, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi faollari tashkilotchilikda yetakchilikni o‘z qo‘llariga oldilar.

Qariyb bir oydan buyon korxonaning atrofidagi yerlar daraxt ko‘chatlari ekishga va bu bilan ishlab chiqarish maydonchasi atrofida “Yashil belbog‘” barpo etishga tayyorlandi. Bugun esa loyiha doirasida nihol ekish marosimi tashkillashtirildi. Bog‘ning ilk niholini korxona boshqaruvi raisi Odil Temirov ekib, marosimga start berdi.

O‘zbekistonda jadal sur’atda olib borilayotgan "Yashil  makon" umummilliy loyihasi doirasida hududlarda gul ko‘chatlari, manzarali daraxtlar ekish, oqlash va butash ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgandi, - deydi korxona Maishiy va ijtimoiy masalalar bo‘limi boshlig‘i Tolmas Ro‘zimurodov. – Deyarli bir oydan buyon davom etayotgan hashar ishlari mobaynida tashkilotning tegishli hududlarida obodonlashtirish ishlari olib borildi. 300 nafarga yaqin ishchi-xodimlar, 10 ga yaqin texnikalar bu ishlarga safarbar etildi.

Bugun peshinda start olgan nihol ekish marosimida korxona rahbariyati, sex va ishlab chiqarishlar faollari ishtirok etishdi.

Bugungi tadbirimiz Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan tashkillashtirilgan press-tur bilan uyg‘unlashib ketdi, - deydi suhbat davomida “Navoiyazot” AJ Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi bo‘limi boshlig‘i Nodirjon Murodov. – Ko‘chat ekish marosimida nafaqat kimyogarlarimiz, balki ekologlar va yurtimiz jurnalistlari ham g‘ayrat bilan qatnashdilar. Jarayonda 1000 dan ortiq gujum daraxti ko‘chatlari yerga qadaldi. Korxonamiz atrof-muhit muhofazasi ishlariga muhim ahamiyat qaratadi, shu sabab obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari muntazam ravishda amalga oshiriladi. Kuzgi mavsumda ekilgan ushbu ko‘chatlardan tashqari bahorgi ekin ishlariga ham hozirdan tamal toshlari qo‘yib borilmoqda. Bugun 1,2 gektar yer maydonida nihol ekilgan bo‘lsa, yana 5 gektar yer maydoni 5000 tup ko‘chat ekishga hozirlanmoqda.

Yurtimiz tobora “Yashil makon”ga aylanib borishida har birimizning hissamiz bo‘lsin.