Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

BIRINCHI TOSHKENT XALQARO INVESTITSIYA FORUMI YAKUNI BO`YICHA “O`ZKIMYOSANOAT” AJ NATIJALARI

// 26 March 2022 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (1.17 MB)

Joriy yilning 24-25 mart kunlari poytaxtimizda birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo`lib o`tdi. O`zbekistonning investitsion imkoniyatlarini namoyish qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan mazkur forumda “O`zkimyosanoat” AJ tomonidan mamlakatimiz kimyo sanoatini jadal rivojlantirish, sohaning investitsiya jozibadorligini oshirish, yangi istiqbolli loyihalarga to`g’ridan-to`g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, shu bilan birga sohaga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan qator xorijiy kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o`tkazildi.

Shu bilan birga 25-mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “O`zkimyosanoat” AJ tomonidan “Kimyo innovatsiyalari” mavzusida “Biznes Nonushta” ham tashkillashtirildi. Unda Yaponiyaning “Mitsubishi” va “Toyota Tsusho Corporation”, Germaniyaning “Siemens Energy”, Fransiyaning “EDF”, Singapurning “Indorama Group”, Saudiya Arabistonining “Sabic”, Avstriyaning “Bowas” hamda boshqa ko`plab chet el kompaniyalarning 100 dan ortiq vakillari, xorijiy va mahalliy investorlar, soha mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi. IFC ishlab chiqarish, agrobiznes va xizmatlar boʻyicha global menejeri janob R.Balajdi moderatorlik qilgan “Biznes nonushta” davomida “Oʻzkimyosanoat AJ boshqaruvi raisi J.Mirzamahmudov, Shveytsariyaning “Casale SA” kompaniyasi bosh muhandisi Ermanno Filippi, Singapurning “Indorama” kompaniyasi boshqaruvi aʼzosi Prakash Kejrival hamda Italiya va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, CIUZ Prezidenti Giorgio Veronesilar nutq soʻzlashdi. Shu bilan birga qator taqdimotlar oʻtkazilib, o`zaro tajriba almashinildi.

“Biznes nonushta”da bugungi kunda kimyo va yoqilgʻi-energetika sohalarida xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi, bunda Oʻzbekiston hududida mavjud tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish va xalqaro institutlar bilan toʻplangan tajribani almashishga katta eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi. Bundan tashqari ushbu sohaga investitsiyalarni jalb qilish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan yuqori likvidli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, dunyoda kimyo sanoatida qoʻllanilayotgan innovatsiyalar va ularni Oʻzbekistonga ham tadbiq etish, sanoatni dekarbonizatsiya qilish hamda moliyaviy va ekologik jihatdan barqarorligini ta’minlash kabi koʻplab muhim masalalar muhokama qilindi.

Forum yakunlari bo’yicha “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan qiymati 1,0 mlrd. dollardan ortiq 5 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo’yicha shartnomalar imzolandi. Unga ko`ra 2022-2027 yillarda jami 995,0 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar oʻzlashtirilib, 1 166 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi va 10 dan ortiq kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilishi ta’minlanadi. Shu bilan birga, imzolanadigan eksport shartnomalari doirasida jami 127,5 mln dollarga teng eksport koʻrsatkichlari amalga oshirilishiga kelishib olindi. 

“O`zkimyosanoat” AJ Mabuot xizmati