Kuni kecha "bakiroo" Telegram kanalida "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ faoliyati va ishlab chiqarilayotgan shinalar sifatiga nisbatan bildirilgan fikrlar bo'yicha quyidagilarni ma'lum qilamiz.
Rasman 2019-yilda foydalanishga topshirilgan "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ yiliga 3,0 mln. dona avtomobil shinalari, 200,0 ming dona qishloq xo'jaligi shinalari va 100,0 ming p/m konveyer lentalari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo'lib, korxona 183,9 mln. dollar qiymatidagi mahalliy va xorijiy kreditlar hisobidan qurilgan.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan shinalarning barchasi ISO 9001, IATF 16949, ECE 30, 54, 106, 117 xalqaro standartlar asosida sertifikatlashtirilgan va shinalar sifati ushbu standartlar bilan kafolatlangan. Korxona mahsulotlari texnologik jarayonlarning barcha bosqichlarida xalqaro standartlar (ASTM, ISO va GOST) talablari asosidagi qat'iy nazorat ostida ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlarning barchasi zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta'minlangan xalqaro ISO 17025 standarti talablari asosida akkreditatsiyadan o'tgan shinalar sinov laboratoriyasida tegishli sinovlardan o'tkaziladi va sertifikatsiya organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari asosida xaridorlarga yetkazib beriladi. Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, bugungi kunda korxonada ishlab chiqarilayotgan shinalar narxi bo'yicha Xitoyda ishlab chiqarilgan shinalarga, sifati bo'yicha esa Janubiy Koreya, Rossiya va Yevropa mamlakatlarida ishlab chiqarilayotgan shinalar bilan o'zaro raqobat qila oladi. Misol tariqasida, eng ommabop o'lcham hisoblangan Janubiy Koreyaning Kumho Tires kompaniyasining 185/65R14 shinalari narxi 50 AQSh dollari qiymatida bo'lsa, sifati bo'yicha qolishmaydigan Birinchi rezinotexnika zavodida ishlab chiqarilayotgan shu o'lchamdagi shinaning narxi 30 AQSh dollarini tashkil etadi. Narx va sifat jihatidan tafovutni anglash qiyin emas.
Joriy yil boshidan ichki bozor uchun xaridorlarga 198 mlrd. qiymatdagi 688 mingdan ortiq avtomobil shinalari sotildi. Ushbu ko'rsatkich mahalliy xaridorlar orasida korxona mahsulotlariga bo'lgan talab yuqori ekanligidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, shinalar eksporti hajmining yildan-yilga ortib borayotganligi ham korxona mahsulotlarining sifat darajasi yuqori ekanligidan dalolat bermoqda. Xususan, joriy yil boshidan beri jami 3,0 mln.dollar qiymatdagi 115,6 ming dona avtomobil shinalari Rossiya, Ozarbayjon va Qozog'iston, Tojikiston kabi qo'shni mamlakatlarga eksport qilindi.
Korxonada doimiy ravishda ichki va tashqi bozorning talablarini o'rganib borish yo'lga qo'yilgan bo'lib, bozor talabidan kelib chiqqan holda avtomobil shinalarining yangi turlari o'zlashtirilib borilmoqda. Korxona loyihasining texnik iqtisodiy asoslariga muvofiq korxonada 21 turdagi avtomobil shinalari ishlab chiqarilishi nazarda tutilgan bo'lib, korxona mutaxassislari Janubiy Koreya, Turkiya va Xitoy davlatlaridagi chet ellik hamkorlar bilan hamkorlikda mahsulotlarning yangi turlarini o'zlashtirish bo'yicha olib borilgan ishlar natijasida so'nggi ikki yilda jami 49 ta avtomobil shinalarining yangi turlarini ishlab chiqarish o'zlashtirilib, ishlab chiqarilayotgan avtomobil shinalari turlari 70 taga yetkazildi.
Shuningdek, respublikamiz tarixida birinchi marotaba qishki shinalarni ishlab chiqarish ham yo'lga qo'yilib, joriy yilning avgust oyida jami 5 turdagi qishki shinalar ishlab chiqarishga o'zlashtirildi.
Hozirda korxonaning shinalar assortimenti nafaqat respublikamizda ommalashgan General Motors avtomobillarini, balki Kia, Hyundai, Toyota, Lada kabi avtomobillarni qamrab olgan.
Shuningdek, hozirda korxonada "UzAuto Motors" AJda yig'ilayotgan avtomobillar uchun shinalar yetkazib berish bo'yicha AQShning General Motors kompaniyasi kuzatuvi ostida "O'zavtosanoat" AJ bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borilmoqda. Ma'lumki, avtomobil sanoatida butlovchi va ehtiyot qismlar hamda ularni yetkazib beruvchilarga qo'yiladigan omologatsiya bo'yicha talablar mavjud bo'lib, butlovchi va ehtiyot qismlarni yig'ilayotgan avtomobillarga yetkazib berish omologatsiya bo'yicha talablar to'liq bajarilgandan so'ng amalga oshiriladi. Shinalar ham avtomobillar uchun butlovchi qismlardan biri hisoblanib, ularni ham yig'ilayotgan avtomobillar uchun yetkazib berishdan avval bir necha bosqichli test sinovlarini o'z ichiga olgan omologatsiya bo'yicha talablarning bajarilishi talab etiladi. Hozirda korxonada "UzAuto Motors" AJda yig'ilayotgan Damas, Tracker va Onix avtomobillari uchun yetkazib berilishi rejalashtirilayotgan shinalar AQSh, Braziliya, Janubiy Koreya va Xitoy davlatlarida test sinovlaridan o'tkazilmoqda. Rejaga ko'ra, 2023-yil boshidan Damas avtomobili uchun 1 turdagi, 2023-yil oktyabrdan Tracker avtomobili uchun 2 turdagi va noyabrdan Onix avtomobili uchun 2 turdagi shilarni etkazib berish boshlanadi.
Bundan tashqari hozirda Jizzaxning "ADM Jizzakh" kompaniyasi bilan ham korxonada yig'ilayotgan avtomobillar uchun shinalar yetkazib berish bo'yicha muzokaralar olib borilib, 2023-yil birinchi choragida ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan yangi "Kia QY" avtomobili uchun 2 turdagi shinalarni yetkazib berish bo'yicha ikki tomonlama kelishuvga erishilgan.
Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan import o'rnini bosuvchi, jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu o'rinda, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlarga ma'lum bir mavzu yuzasidan tanqidiy maqola yoki post yozishdan avval ushbu mavzuni chuqur o'rganish, aniq faktlar va dalillarga asoslanish maqsadga muvofiq ekanligini eslatib o'tamiz. Chunki asoslanmagan ma'lumotlar asosida yozilgan, kompaniya imijiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi bu kabi materiallarni e'lon qilish qonun oldida javobgarlikka sabab bo'lishi mumkin.