Sanoatda mahsulotlarning mahalliylashtirilishi mahalliy ishlab chiqarishni kuchaytirish orqali mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlaydi, ish o‘rinlari yaratiladi. Qolaversa, importga bog‘liqlik kamayadi, transport va bojxona xarajatlari pasayadi.
Shu ma’noda “O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq ilmiy-texnik kengashi o‘z faoliyati davomida kimyoviy mahsulotlarni mahalliylashtirish kabi loyihalarga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha vertikal integratsiyalashgan klasterni yaratish loyihasining texnik -iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun texnik shartlari tayyorlandi.
Kengashning navbatdagi yig‘ilishida ushbu loyiha keng muhokama qilindi.Loyihaning afzallik jihati shundaki, hozirgi kunda mamlakatimizga import qilinayotgan bir nechta murakkab mineral o‘g‘itlar mahalliylashtiriladi.
Bu esa o‘z navbatida tashqi bozordagi o‘zgarishlar ta’sirini kamaytirish va mahalliy resurslardan samarali foydalanish imkonini beradi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati