Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

“SPACE 2026” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston korxonalari ishtirok etdi

// 18 September 2026 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (5.54 MB)

Joriy yilning 15–17-sentyabr kunlari Fransiyaning Renn shahrida qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasiga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro “SPACE 2026” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur xalqaro tadbirda O‘zbekistonning mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchi yirik korxonalari ham faol ishtirok etib, mamlakatimiz kimyo sanoatining eksport salohiyati va mahalliy mahsulotlarini Yevropa bozorida namoyish etdi.


 

Ko‘rgazmada “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” yagona milliy stendi ostida “Farg‘onaazot”, “Navoiyazot”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Ammofos-MAXAM” hamda “MAXAM-Chirchiq” korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mineral o‘g‘itlar va boshqa mahsulotlar namoyish etildi.

Milliy stend ko‘rgazma ishtirokchilariga O‘zbekistonning mineral o‘g‘it ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud ishlab chiqarish salohiyati, mahsulot turlari hamda eksport imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot olish imkonini berdi.

 
Tadbir doirasida xorijiy kompaniyalar bilan yangi savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qator uchrashuv va muzokaralar ham tashkil etildi.
Xususan, “Millenis UK Limited”, “TIMAC AGRO” va “MISMA” kompaniyalari, shuningdek, Fransiya bozorida mineral o‘g‘itlarni xarid qilish, import qilish va distribyutsiya qilishga ixtisoslashgan “AXSO”, “Interore/Uniwen” hamda “Qualifert” kabi kompaniyalar vakillari bilan mahsulotlarni Yevropa bozoriga yetkazib berish istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlari, mahsulotlarning eksport salohiyati, yetkazib berish yo‘nalishlari hamda kelgusidagi hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Bu kabi yirik xalqaro maydonlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga xorijiy xaridorlar va distribyutorlar bilan bevosita aloqa o‘rnatish, yangi bozorlarni o‘rganish, mahsulotlarini xalqaro auditoriyaga taqdim etish hamda eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.
 

Ayniqsa, Yevropa bozoriga chiqish O‘zbekiston mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchilari uchun yangi savdo imkoniyatlarini yaratish bilan birga, mahsulotlarning xalqaro bozordagi tan olinishi va eksport geografiyasining kengayishiga xizmat qiladi.