
2025-yilda davlat rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimida 41 ta banddan iborat “Yoshlar dasturi” ishlab chiqilib, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tasdiqlandi va izchil amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida joriy yilda:
• 240 ta madaniy-maʼrifiy,
• 215 ta sport-sogʻlomlashtirish,
• 86 ta intellektual va innovatsion yoʻnalishdagi tadbirlar tashkil etildi.
Shuningdek, tizim korxonalari oʻrtasida Yosh mutaxassislar forumi oʻtkazilib, unda tashkil etilgan “Eng yaxshi innovatsion gʻoya” tanlovida 250 nafar yosh mutaxassis ishtirok etdi. Gʻolib va faol ishtirokchilar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Yoshlarning muammo va takliflarini bevosita oʻrganish maqsadida “Rahbar va yoshlar” formatdagi ochiq muloqotlar muntazam tashkil etilmoqda. 2025-yil davomida Jamiyat boshqaruv raisi ishtirokida jami 6 ta ochiq uchrashuv oʻtkazilib, 100dan ortiq yoshlarning murojaat va muammolari ijobiy hal etildi.
Bundan tashqari, joriy yilda ishga qabul qilingan 1 079 nafar yangi xodimning 529 nafari (49%) yoshlar boʻlib, shundan 87 nafari (16,4%) ayollar hissasiga toʻgʻri keladi.
Ijtimoiy masʼuliyat doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJga Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 5 ta mahalladan ishsiz toifadagi yoshlar manzilli tarzda biriktirildi. Ularning 22 nafari rasmiy band qilindi, 30 nafari ishga joylashtirildi, 3 nafari harbiy xizmatga jalb etildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini roʻyobga chiqarish va munosib ish oʻrinlari yaratish borasidagi ishlarini izchil davom ettiradi.