Bugun, iqtisodiyotning oʻsishi bilan kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanish darajasi ham mutanosib ravishda oʻsib bormoqda. Bu mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarishda qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish, ichki tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini koʻpaytirish maqsadida kimyo sanoatining salohiyatini kengaytirishga qaratilgan choralar bilan ham izohlanadi.
Qolaversa, mahalliylashtirish dasturining samarali ijrosiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Oʻzkimyosanoat” AJ tzimidagi korxonalarda 2024-yilning yanvar-dekabr oylarida mahalliylashtirish dasturiga asosan 30 ta loyiha amalga oshirildi. Loyihalar doirasida rejada 3,12 trln soʻmlik mahsulot tayyorlash koʻzlangan boʻlsa, amalda 3,86 trln soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bu bilan reja 123,6 foizga bajarildi.
Korxonalar tomonidan natriy sianid, polivinilxlorid (PVX), natriy gidroksid, “A” markali metanol, tiomochevina, sulfat kislotasi, poliakrilamid, kalsiy nitrat, oltingugurt-magniy mikroelementli karbamid, zichligi past ammoniy nitrat eritmasi, modifikatsiyalangan gʻovakli selitra, ammoniy karbonat tuzi, vanadiyli katalizator, karboksimetilsellyuloza (KMS), “A” markali kalsinatsiyalangan soda, texnik formalin, KFK-85, natriy xlorat kabi muhim boʻlgan xom-ashyo va tayyor mahsulotlar tayyorlandi.
Bundan tashqari ammiakli selitrani gigroskopikligini kamaytirish uchun Antiyopishqoq (NovoFlow 3047)ning oʻrnini bosuvchi yangi turdagi “Anti-Stick” Antiyopishqoq, Gidroksipropilmetil-sellyuloza (HMPC), paxta sellyulozasi, yuqori bosimli laminat, tibbiy simulyatorlar, ammoniy xlorid, kaliy sulfati kabi mahsulotlar ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berildi.
Albatta, 2025-yilga moʻljallangan rejalar ham ulkan. Joriy yilda tarmoq korxonalari hamda kimyo-industrial texnopark hududlarida investitsiya loyihalari doirasida jami 170 mlrd soʻm yoki 13,1 mln dollarga teng 7 turdagi yangi loyihalarni ishga tushirish koʻzda tutilgan. Bunda oʻrta haroratli katalizator, koagulyant, katalitik tizimlarni ishlab chiqarish, koʻpikli polipropilendan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, polikarboksilat, bir martalik tibbiy kiyim, EVA bilan modifikatsiya qilingan polietilen plyonka, maishiy va avtomobil kimyoviy moddalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Shu bilan birga ayni paytda mahalliy korxonalar bilan sanoat kooperatsiya aloqalarini kengaytirish boʻyicha ham bir qator import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliylashtirish boʻyicha tashkilliy ishlar boshlangan.
Jumladan, kompensator, barbotyor, shnek vali, membranalar toʻplami, gidrotsiklon nasadkasi kabi mahsulotlarni mahalliy korxonalar bilan sanoat kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish va kengaytirish koʻzda tutilgan.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati