Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

“Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” korxonasini modernizatsiya qilish loyihasining birinchi bosqichi ishga tushirildi

// 28 December 2020 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (481.75 KB)

Bugun, 28 dekabr kuni “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” korxonasida superfosfat mineral o'g'itini ishlab chiqarishning birinchi bosqichi ishga tushirildi. Loyiha doirasida yiliga 350 ming tonna fosforli o'g'itlar ishlab chiqariladi va mahsulotning asosiy qismi respublikamiz qishloq xo'jaligi ehtiyoji uchun yo'naltiriladi. Loyiha “Indorama Holdings BV” kompaniyasining 30,0 mln. dollar miqdordagi to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalari hisobiga amalga oshirildi.

Keyingi 15 kun davomida kuniga o'rtacha 1060 tonna mahsulot ishlab chiqariladi va keyingi bosqichda ammoniy superfosfat ishlab chiqarish uchun jamlanadi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat qarorlariga asosan “Qo'qon superfosfat zavodi” aksiyadorlik jamiyatining ustav fondidagi 95,5 foiz ulushi Singapurning “Indorama Holdings BV” kompaniyasiga investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan sotilgan edi.

2019-2020-yillarda xorijiy investor “Indorama Holdings BV” kompaniyasi tomonidan “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” korxonasida ishlab chiqarish quvvatlarini zamonaviy energotejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali to'liq modernizatsiya qilish ishlari olib borildi.

“Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” AJ bosh direktori Rahul Singh pandemiya sharoitida ham korxonada amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari haqida to'xtalib, barcha ishlar mamlakatda amalda bo'lgan karantin talablari asosida bajarilganligi, sanitariya-gigiena qoidalariga va ijtimoiy masofaga rioya qilingan holda olib borilganligi ta'kidlab o'tdi hamda O'zbekiston hukumatiga o'z minnatdorchiligini bildirdi. Shu bilan birga loyiha kompaniya tarixidagi rekord muddatlar ichida, ya'ni 12 oyda yakunlanganligini e'tirof etdi.

Bundan tashqari, 2021-2023-yillarda loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi doirasida “Indorama Holdings BV” kompaniyasi tomonidan qo'shimcha 40,0 mln. dollar miqdordagi to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar hisobiga korxonada murakkab turdagi mineral o'g'itlar va boshqa import o'rnini bosuvchi kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishni o'zlashtirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, dikaltsiyfosfat kabi chorvachilik uchun ozuqa ham ishlab  chiqarish yo'lga qo'yiladi.

Modernizatsiya natijasida fosforli o'g'itlar ishlab chiqarilishga sarflanadigan elektr energiya va tabiiy gaz harajatlari 40 foizga qisqartirilishiga va korxona ishchi xodimlari sonini saqlab qolgan holda qo'shimcha 150 ta yangi ish o'rinlari yaratilishiga hamda respublikamiz qishloq xo'jaligining fosforli o'g'itlarga bo'lgan talabi qondirilishiga erishiladi.

Ammoniyli superfosfat ishlab chiqarilishi esa 2021 yilning yanvar oyida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati