Michigan universiteti olimlari polietilen (PE) qadoqlash materiallarining atrof-muhitga potensial taʼsirini muqobil mahsulotlar (qogʻoz, shisha, alyuminiy va poʻlat) bilan solishtirgan holda ilmiy tadqiqot oʻtkazishdi.
Tadqiqotlar qadoqlashda plastikdan foydalanish atrof-muhitga avval oʻylanganidan kamroq taʼsir qilishini koʻrsatdi.
Bu haqda Science of The Total Environment ilmiy jurnalida chop etilgan “AQSHda polietilen qadoqlash va muqobil materiallar: hayot siklini baholash” mavzusidagi maqolada soʻz borgan.
Tadqiqot natijalariga koʻra, "anʼanaviy" materiallarni PE bilan almashtirish koʻp holatlarda issiqxona gazlari tashlanmalarini taxminan 70% ga kamaytirishi mumkin. Plastik qadoqlarning ayrim toifalarini ishlab chiqarishda qazib olinadigan energiya, mineral resurslar va suvdan sezilarli darajada kamroq foydalanilishi ham isbolangan.
Tadqiqot davomida AQSHda plastik qadoqlash umumiy savdosining taxminan 60% ni tashkil etadigan beshta asosiy toifa oʻrganib chiqildi. Ular orasida oziq-ovqat uchun idishlar, palletlarni qadoqlash uchun termoqisqaradigan va streych plyonkalar, yuqori mustahkamlikdagi qoplar (HDS) va plastik paketlar bor edi. PE mahsulotlari va muqobil qadoqlash oʻrtasidagi taqqoslash atrof-muhitga taʼsir qilishning toʻrtta asosiy parametriga asoslandi.
Olib borilgan oʻrganish natijalariga koʻra, shisha, alyuminiy va poʻlatdan tayyorlangan qadoqlar ularning ogʻirligi va ishlab chiqarishning energiya sarfi tufayli atrof-muhitga sezilarli darajada koʻproq taʼsir qilishi aniqlangan. Shu bilan birga, qogʻozga asoslangan alternativalar atrof-muhitga baʼzan bir xil yoki nisbatan kamroq taʼsir qiladi. Biroq ularni ishlab chiqarish uchun koʻproq resurslar sarflash talab qilinadi va boz ustiga resurslarning baʼzilari esa chiqindiga ketadi.