
Xitoylik olimlar quyosh energiyasi yordamida dengiz suvini bir vaqtning oʻzida chuchuklashtirish va undan qimmatli element — borni ajratib olish imkonini beruvchi yangi texnologiyani ishlab chiqdilar.
Shimoliy-Gʻarbiy qishloq va oʻrmon xoʻjaligi universitetida olib borilgan mazkur tadqiqot resurslar xavfsizligi hamda barqaror chuchuklashtirish sohasida katta yutuq boʻlishi mumkin.
Fan Chjimin rahbarligidagi ilmiy guruh tomonidan yaratilgan maxsus MMS kompozit geli quyosh nuri taʼsirida bugʻlanish jarayoni orqali dengiz suvini yuqoriga tortadi va bor atomlarini uchib ketishidan oldin ushlab qoladi. Gelning asosiy tarkibiy qismlari yuqori fototermik samaradorlikka ega MXene nanomateriali hamda borni adsorbsiya qiluvchi magniy oksididan iborat.
Laboratoriya sinovlari natijalariga koʻra, quyosh nuri taʼsirida gel har soatda har bir kvadrat metr maydondan 2,14 kilogramm chuchuk suv ishlab chiqarishga va toʻqqiz soat ichida 225,52 milligramm bor toʻplashga qodir.
Science Bulletin jurnalida chop etilgan tadqiqot mualliflarining taʼkidlashicha, dengizdan minimal energiya sarfi bilan bir vaqtning oʻzida chuchuk suv va bor olish imkoniyati suv, energiya va resurslar tanqisligi kabi oʻzaro bogʻliq muammolarni hal etishda katta istiqbollarni ochib beradi. Shuningdek, olimlar olingan bor qishloq xoʻjaligida hosildorlikni oshirish maqsadida ham qoʻllanilishi mumkinligini qayd etishgan.