Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

“Oʻzkimyosanoat” AJda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid olib borilgan ishlar

// 27 October 2023 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (55.4 KB)

Korrupsiyaga qarshi kurash zamonaviy dunyoning eng dolzarb muammolaridan biri boʻlib qolmoqda. Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq bu illatiga qarshi kurashish masalasiga alohida eʼtibor qaratib kelingan. Chunki poraxoʻrlik — hokimiyat va boshqaruv asoslarini yemiradigan, uning obroʻsiga putur yetkazadigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qiladigan havfli jinoiy hodisalardan biri. Shu boisdan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev oʻz vakolatiga kirishishi bilan Prezident sifatida imzo chekkan birinchi hujjat “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni boʻlgan.

Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, chek qoʻyish,  imkoniyat yaratib beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish. Davlat tomonidan qabul qilinib kelayotgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda oʻz aksini topgan.

Korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlarning asosiy maqsadi nafaqat korrupsiya oqibatlariga qarshi kurashish, balki korrupsiyaning namoyon boʻlishiga olib keladigan omillarni, shu jumladan, uning oldini olish sohasidagi ishlarni bartaraf etishdan iborat.

“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, jamiyat va tarmoq korxonalarida “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish siyosati” talablariga muvofiq xizmat vazifasiga koʻra korrupsiyaviy xavf-xatarlar ehtimoli yuqori va oʻrta boʻlgan 8454 nafar xodim manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani toʻldirdi. “Oʻzkimyosanoat” AJda 120 nafar, “Navoiyazot” AJda 1076 nafar, “Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ QQ 1140 nafar, “Maksam-Chirchiq” AJda 5824 nafar, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda  161 nafar, “Ammafos Maksam” AJda 88 nafar va “Oʻzkimyoimpeks” MCHJda 45 nafar xodim deklaratsiya toʻldirishgan. Va bunda deklaratsiya toʻldirganlar jamiyat va tarmoq korxonalari boʻyicha 100% ni tashkil etgan.  Deklaratsiyalar tahlil qilinganda, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 67 ta masʼul xodimlarda real, 122 ta holatda esa ehtimoliy (potensial) manfaatlar toʻqnashuvi holati aniqlandi.

Jumladan, “Maksam-Chirchiq” AJda 30 ta, “Navoiyazot” AJda 19 ta, “Ammofos-Maksam” AJda 10 ta, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ da 3 ta, “Qizilqum fosforit kompleksi” MCHJda 5ta holatda oʻzaro yaqin qarindoshlar bevosita qoʻl ostida yoki rahbarligida ishlashi bilan bogʻliq vujudga kelgan manfaatlar toʻqnashuvi aniqlandi. Boshqaruv raislarining koʻrsatmalariga koʻra xodimlarni korxonaning boshqa sexlari va lavozimlariga oʻtkazish bilan manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish choralari koʻrilmoqda. 

Ehtimoliy holatlar aniqlangan 122 nafar xodimlar bilan jamiyat tomonidan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish buyicha Nizom”, “Odob-axloq Kodeksi” talablari buyicha qoʻshimcha tushuntirish va profilaktik tadbirlar oʻtkazildi. Ushbu deklaratsiyalash tizimda korrupsiyaning oqibati bilan emas, balki uni oldini olish, sabablari bilan kurashish, chek qoʻyish imkonini beradi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ ilgʻor xalqaro standartlar asosida profilaktika tizimi va korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish boʻyicha izchil chora-tadbirlarni olib bormoqda. Tashkilot faoliyatining ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini taʼminlash orqali davlat boshqaruvi organlari ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

2023-yilning oʻtgan 9 oyi davomida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar “Oʻzkimyosanoat” AJ markaziy apparati, “Navoiyazot”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Maksam-Chirchiq”, “Ammofos-Maksam”, “Oʻzkimyosanoatloyiha” AJlari, “Qizilqum fosforit kompleksi“, “Oʻzkimyoimpeks” MCHJlarida amalga oshirildi.

Misol uchun, “Navoiyazot” AJning masʼul mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 167 moddasi 3-qismi “a,” bandi, 205 moddasi 2-qismi “a” bandi  bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida  Jamiyatning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini taftish qilish jarayonida qoʻyidagi qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

17 turdagi mineral oʻgʻit va kimyoviy moddalarni  birja savdolarisiz va oldindan toʻlovlarsiz realizatsiya qilib yuzaga kelgan qarzdorlikni yopish uchun,  turli asbob-uskunalarni qimmat narxlarda barter qilib jarimalarni undirmasdan, korxona mulkini rastrata qilish yoʻli bilan koʻp miqdorda zarar yetkazilgan;

- asosiy vositalarni balansdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom talablari bajarilmaganligi natijasida jamiyatning 31-sexida 1 199,7 tonna demontajdan chiqqan qora metallar kamomadiga yoʻl qoʻyilgan;

- Jamiyat masʼul xodimlari tomonidan 61,4 kg.platina, 15,2kg. palladiy va 1,8 kg. rodiy qimmatbaho metallarning asossiz meʼyoridan ortiqcha xarajatga chiqarilganligi va 916-sexdagi kuchsiz azot kislotasi filtrini asossiz tozalash natijasida qimmatbaho metallar kamomadiga yoʻl qoʻyilgan;

- Jamiyatga qarashli 107-sexda 9 turdagi asosiy vosita va tovar moddiy boyliklari kamomadiga yoʻl qoʻyilgan;

- Mineral oʻgʻitlarni birja savdolari orqali sotishda belgilangan talablarga zid ravishda mahsulotning narxiga, talabiga, taklifiga va uni yetkazib berish shartlariga sunʼiy ravishda taʼsir etib, talabda belgilangan joylardan yuklab joʻnatilmasdan raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarni amalga oshirib, 201 ta holatda arzon narxlarda ishlab chiqarish sexidan mahsulotlar yuklangan;

- Jamiyat va mineral oʻgʻitlar sotib oluvchilar oʻrtasida birja savdolari orqali tuzilgan mahsulot sotib, shartnomalari shartlarining xaridorlar bajarmaganligi natijasida 260 ta holatda jarimalar asossiz undirilmagan;

- Jamiyat va mineral oʻgʻitlar sotib oluvchilar oʻrtasida birja savdolari orqali tuzilgan mahsulot sotib olish shartnomalari shartlarining xaridorlar bajarmaganligi sababli xisoblangan jarimalar asosiz undirilmagan va soliqlar byudjetga hisoblanib toʻlanmagan;

- Jamiyat ishlab chiqarayotgan temir xloridi mahsuloti xom ashyolari Jamiyat raisining 1-oʻrinbosari taʼsischiligida tashkil qilingan “Eko Xim prom” MCHJga sotilishi natijasida daromad olinmasdan qolgan;

Tarmoq korxonalari omborxonalaridagi tovar-moddiy boyliklarini saqlash sohasida kamomadlarga yoʻl qoʻyilishi holatlari ham aniqlangan.

Joriy yilning 1-choragida “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda “Navoiyazot”AJ Komplayens boshqarmalari tomonidan “Navoiyazot” AJga tegishli Xorazm viloyati, Urganch shahridagi “Hasanota” MCHJ ga qarashli 5-sonli vakolatli ijara omboridagi tayyor mahsulotlarning saqlanishi yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazildi.  Mazkur tekshiruv jarayonida, “Navoiyazot” AJga tegishli bu ijara omborida 1224 tonna tayyor mahsulotlarning kamomadi aniqlangan. “Xasanata” MCHJ mansabdor shaxslari oʻzlariga ishonib topshirilgan va ixtiyorida boʻlgan 1224 tonna ammiakli selitra mahsulotini jismoniy va yuridik shaxslarga naqd pul shaklida sotib, rasmiy hujjat hisoblangan hisobotga mahsulotlar qoldigʻi mavjudligi haqidagi soxta maʼlumotlarni kiritgan hamda oʻz javobgarligida boʻlgan Jamiyat mol-mulkini koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilganligi maʼlum boʻldi. “Navoiyazot” AJning masʼul mansabdorlari har oy yakuni boʻyicha oʻtkazilgan xatlov jarayonlarida yuzaga kelgan kamomad yashirib kelganligi ham yuzaga chiqdi.

Xizmat tekshiruvi boʻyicha toʻplangan materiallar aybdorlarga qonuniy chora koʻrish hamda yetkazilgan zararni undirish maqsadida Navoiy viloyat prokuraturasiga yuborildi. Natijada, viloyat prokuraturasi tomonidan holat boʻyicha Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3 qismi, 228-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirgi kunda jinoyat ishi doirasida olib borilayotgan  tergov davomida “Xasanata” MCHJning mansabdorlaridan yetkazilgan zararning bir qismi undirilib, uning qolgan qismini toʻliq undirish choralari koʻrilmoqda.

 Shuningdek, “Oʻzkimyoimpeks” MCHJdan yaroqlilik muddati oʻtgan
183 tonna ammiakli selitra mineral oʻgʻitini qayta ishlash uchun qabul qilishda aniqlangan qonunbuzilish holati boʻyicha xizmat tekshiruvi oʻtkazildi. Tekshiruv davomida, Oʻzkimyoimpeks” MCHJ tomonidan ammiakli selitra “tonna” va “qop”lar hisobida qabul qilinib, yaroqli boʻlgan davrida sotish choralari koʻrilmasdan, yaroqlilik muddati oʻtgan mineral oʻgʻitlar faqat “qop”lar soni boʻyicha hisoblanib, notoʻgʻri topshirilganligi va masʼul shaxslar tomonidan yaroqlilik muddati oʻtgan mineral oʻgʻitlarni yuklab joʻnatish va qabul qilishni komissiya asosida toʻgʻri tashkil etilmaganligi hamda boshqa nomuvofiqliklar yuzasidan oʻz vaqtida tegishli choralar koʻrilmaganligi natijasida jami 161 tonna 532 mln.dan ortiq kamomadni kelib chiqqan. Hujjatlar Navoiy viloyat prokuraturasiga yuborilgan. Oʻz navbatida prokuratura tomonidan Jinoyat Kodeksining 167, 209, 205 moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati DXX boshqarmasi tomonidan “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ mansabdorlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi, 205-moddasi 2-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovda aniqlanishicha, korxona ishchi-xodimlariga ish haqi va unga teng qoʻshimcha toʻlovlar, moddiy yordam, mukofot va ragʻbatlantirish pullari, uy-joy olish uchun ajratilgan pul mablagʻlari asossiz toʻlab berilishi hamda mansabdor shaxslarning oʻz xizmat vakolatlarini suisteʼmol qilganliklari oqibatida kelib chiqqan tayyor-mahsulotlarning omborxonalardagi kamomadi natijasida AJga koʻp miqdorda zarar yetkazilgan. Holatlar boʻyicha jinoyat ishi materiallari sud organlariga yuborilgan.

Taʼkidlash lozim, joriy yilning oʻtgan davrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirlarda korxona mansabdor shaxslaridan zararning bir qismi undirildi.

             Korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat komplayens xizmati, balki jamiyat va tarmoq korxonalarida faoliyat yuritadigan har bir xodimning yordami zarur. Shu maqsadda “Oʻzkimyosanoat”AJ va tarmoq korxonalarida “Antikorrupsion nazorat” nomli t.me uzkimyosanoatanticorbot “Telegram-bot” ishga tushirildi. Bot orqali korrupsion holat boʻyicha murojaat yuborish va aloqa maʼlumotlarini olish mumkin. Har bir murojaat roʻyxatga olinadi va murojaatchi bot orqali xabardor qilib boriladi.

Muxtasar aytganda, korrupsiya Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga xizmat qiluvchi inson huquqlari sohasidagi xalqaro normalar ijrosini murakkablashtiruvchi omil. Uning koʻlami davlat va ayniqsa korxonalarning iqtisodiy rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Qolaversa, korrupsiya insonning shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlarini amalga oshirish yoʻlidagi katta toʻsiq. Bu illat jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etish bilan bogʻliq ochiqlik, oshkoralik, javobgarlik, kamsitilmaslik va inson huquqlarini himoya qilish tamoyillarini buzadi.

Oʻzbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida korrupsiyaning oldini olish bilan bogʻliq vaziyat izchil yaxshilanib borayotgani xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Buni Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrni yaxshilanib borayotganidan ham koʻrish mumkin.

Umuman olganda, korrupsiya hodisasiga soʻzning keng maʼnosida yondashadigan boʻlsak, bu shunchaki jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, balki maʼnaviy buzilish holati. Shunday ekan, unga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz masʼul.

 

“Oʻzkimyosanoat” AJ Korrupsiyaga qarshi kurashish va

komplayens boshqarmasi