“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati va “O'zkimyoimpeks” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 22 nafar xodimi ISO 31000:2018 – “Xavflarni boshqarish” xalqaro standartini tizimga joriy etish boʻyicha xalqaro “Cert International” Akademiyasi mutaxassislari tomonidan onlayn formatda oʻqitildi.
Mazkur malaka oshirish dasturi xodimlarni xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va samarali boshqarish koʻnikmalari bilan taʼminlashga qaratilgan boʻlib, bu orqali tashkilotlarda xavflarni boshqarish tizimi joriy etilishiga zamin yaratdi.
ISO 31000:2018 standartini amaliyotga tatbiq etish orqali tashkilotlar xavf-xatarlarni tizimli ravishda boshqarish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa tashkilotning samaradorligi, barqarorligi va belgilab olingan maqsadlarga erishish qobiliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur standart qaror qabul qilish jarayonlarini yaxshilash, tizimning barcha darajasida xavflar haqida xabardorlikni oshirish, hamda mavjud resurslardan samarali foydalanish imkoniyatini ham yaratadi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ va “O'zkimyoimpeks” MCHJ bu kabi xalqaro standartlarni joriy etish orqali ichki boshqaruv mexanizmlarini mustahkamlash, korporativ madaniyatni rivojlantirish hamda jahon talablariga mos faoliyat yuritishni maqsad qilgan.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati