
2025-yil 23-oktabr kuni Belgiyaning Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yevropada O‘zbekiston iqtisodiyoti kunlari” biznes-forumi doirasidagi rasmiy tashrifi chog‘ida NEXTCHEM kompaniyasi (MAIRE Group tarkibiga kiruvchi sho‘ba korxona) va “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida O‘zbekistonda uglerodni ushlash va saqlash (CCS) texnologiyasini joriy etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur bitim O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan dekarbonizatsiya va yashil energetika siyosatini amalga oshirishga hissa qo‘shish, sanoat tarmoqlarida chiqindilarni kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.

Hamkorlik doirasida tomonlar NEXTCHEM’ning ilg‘or Nx decarb™ texnologiyasi asosida O‘zbekistonda uglerodni tortib olish va saqlash bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos (TIA) tayyorlash uchun qo‘shma ishchi guruh tuzadilar. Ushbu tashabbus O‘zbekistonning kimyo sanoatida barqaror ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda global ekologik standartlarga mos infratuzilmani shakllantirishga xizmat qiladi.

“O‘zkimyosanoat” AJ va NEXTCHEM o‘rtasidagi strategik hamkorlik O‘zbekiston sanoatining energiya samaradorligini oshirish, atmosferaga chiqayotgan issiqxona gazlarini kamaytirish hamda mamlakatni barqaror rivojlanish yo‘liga o‘tkazish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Mazkur tashabbus O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot” konsepsiyasini amalda qo‘llash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati