Poytaxtimizda “Mahalliy kontentni oshirishda importni optimallashtirish” mavzusidagi "Uzbek Import Fair 2025" I-xalqaro koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi.
7-9-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan koʻrgazmada Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarish imkoniyati yuqori boʻlgan, ammo eng koʻp import qilinayotgan 3 ming turdagi tovarlar namoyishga qoʻyilgan.
Xususan, “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari tomonidan ham 30dan ortiq import qilinayotgan mahsulotlar hamda doimiy import qilinayotgan materiallar va butlovchi qismlar oʻzlashtirish uchun namoyish qilinmoqda. Kimyo sanoati mahsulotlari, parfyumeriya, kosmetika va shaxsiy gigiyena vositalari, shuningdek, mahalliylashtirish dasturi va sanoat kooperatsiya aloqalari doirasida importni optimallashtirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar toʻgʻrisidagi taqdimot materiallari taqdim qilinmoqda.
Shu bilan birga, respublikada joylashgan tadbirkorlik subyektlarining talab yuqori boʻlgan qiymati 280 mln dollardan ziyod 26 turdagi kimyoviy mahsulotlari ham koʻrgazmadan oʻrin olgan.
Taʼkidlash joiz, ichki bozorda import tovarlariga nisbatan real ehtiyoj hajmi bilan tanishish orqali mahalliy tadbirkorlar oʻz bizneslarini yanada kengaytirish imkoniga ega boʻlishadi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati