Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, tobora kengayib bormoqda. Ayni paytda turli sohalar, jumladan, iqtisodiyot, savdo, taʼlim, madaniyat va turizm kabi yoʻnalishlarda koʻplab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4-5-fevral kunlari ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarning yangi bosqichiga turtki berdi.
Tashrif doirasida Prezidentimiz va Malayziya Bosh vaziri ishtirokida Kuala-Lumpur shahrida oʻtkazilgan qoʻshma biznes-forum esa ikki mamlakat ishbilarmonlari va sanoat korxonalariga yangi investitsiya portfellarini shakllantirish imkoniyatini taqdim etdi.
Ushbu forumda “Oʻzkimyosanoat” AJ raisi oʻrinbosari Akbar Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya ham mamlakatimiz kimyo sanoati salohiyati va investitsiya loyihalari taqdimotini oʻtkazdi.
Bundan tashqari Jamiyat vakillarining Malayziyaga tashrifi doirasida mazkur davlatning yirik kompaniya vakillari bilan hamkorlikka oid qator uchrashuvlar ham tashkil etildi.
Jumladan, “Petronas” kompaniyasining direktorlar kengashi raisi Moxd Bakke Sallex bilan boʻlib oʻtgan muzokarada birgalikda MTO texnologiyasi asosidagi loyihalarni amalga oshirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga kadrlar tayyorlash yoʻnalishida “Petronas” texnologiya universiteti bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.
“Sparco Engineering” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Sumasni Sulaymon bilan kechgan muloqotda hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari, jumladan, kimyo sanoatida investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar formaldegid, titan dioksidi va malein kislotasini birgalikda ishlab chiqarish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratdilar. Malayziya kompaniyasi vakillari ushbu loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirib, ularning salohiyati yuqori ekanini taʼkidladi.
Export-Import Bank of Malaysia Berhad (EXIM Bank Malaysia) tijorat boʻyicha bosh direktori Foiza Mustapa xonim bilan oʻtkazilgan muzokarada Oʻzbekiston kimyo sanoati sohasining rivojlanish surʼatlarini hisobga olgan holda Malayziya kompaniyalari vakillari bilan birgalikda mamlakatimiz hududida amalga oshirilayotgan loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
“Oʻzkimyosanoat “ AJ Matbuot xizmati