Togʻ-kon sanoati uchun import orqali olib kirilayotgan kimyoviy mahsulotlarni oʻzlashtirish masalalari yuzasidan Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda “Oʻzkimyosanoat”AJ mutaxassislari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda togʻ-kon sanoati ehtiyojlari uchun talab etiladigan kimyoviy mahsulot va reagentlarning importini qisqartirish, ularni mahalliy ishlab chiqarish asosida oʻzlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar 2025-2028-yillarda “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida innovatsiya, diversifikatsiya va investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali mahalliy korxonalar va texnoparklar negizida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.
Yigʻilishda qator muhim mahsulotlarni “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari negizida mahalliylashtirish yuzasidan takliflar muhokama qilindi.
Xususan, praestol 2500 va 854-Oltin saqlovchi maʼdanni qayta ishlash jarayonida quyultirish jarayonini kuchaytirish uchun foydalaniladigan asosiy kimyoviy reagent, tiomochevina-Oltin tarkibidagi maʼdanlarni qayta ishlash jarayonida ion almashinadigan qatronlardan oltinni desorbsiyalash jarayonida qoʻllaniladigan asosiy kimyoviy reagent hamda rudani boyitishda foydalaniladigan natriy sianid (quruq tuz) shular jumlasidandir.
Shuningdek, kalsiy va rux nitratlari, koʻpincha polimetall rudalari va konsentratlaridan (mis, rux, oltin) qimmatbaho metallarni ajratishda ishlatiladigan natriy gidrosulfid (NaHS), oltinni uyumda ishqorlash jarayonida eritmadan oltinni choʻktirish uchun foydalaniladigan qoʻrgʻoshin nitrati kabi mahsulotlarni mahalliylashtirish yuzasidan fikrlashib olindi.
Uchrashuv yakunida ishchi guruh tuzish, korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatini yaqindan oʻrganish, mahsulotlarni laboratoriya va sanoat sinovlaridan oʻtkazish, sertifikatlash va amaliyotga joriy etish bosqichlarini qamrab olgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati