Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

“Oʻzkimyosanoat” AJ hamda “Dehqonobod kaliy zavodi” AJlarining rasmiy bayonoti

// 09 February 2024 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (14.17 MB)

  Bugun OAVda eʻlon qilingan “Beshbuloqni zaharlayotgan kaliy zavodi. Aholi nima deydi?” nomli video lavha yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Video lavhada aks etgan holat yuzasidan aniqlik kiritish maqsadida “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda korxonaning ekologlari, tegishli soha mutaxassislari va masʻullari tomonidan dastlabki oʻrganishlar olib borildi. Natijada Jamiyatga tegishli boʻlgan shlam yigʻish havzasi hududlarida shlam qoldiqlarining tuproqqa sizishi bilan bogʻliq boʻlgan holatlar aniqlanmadi. Shuningdek, shlam yigʻish havzasidagi shoʻr suv yer osti suvlariga taʼsir koʻrsatmasligi uchun maxsus havzaning osti va yon qismlari gidroizolyatsion qoplama bilan himoyalangan.

Videolavhada aytilgan, shlam yigʻish havzasi hech qanday qoplama bilan himoyalanmaganligi va tuzli suv va zararli tashlanmalar tuproqqa sizayotganligi haqidagi gaplar umuman haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Qolaversa, videolavhada koʻplab boshqa asossiz ayblovlar ham keltirilgan boʻlib, hozirda oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosarining 2024-yil 24-yanvardagi kelishuviga asosan, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda 2022-2023-yillar va 2024-yilning tekshirish oʻtkazish davridagi faoliyatida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosi yuzasidan 2024-yilning 5-14-fevral kunlari korxonada tekshirish oʻtkazilmoqda. Tekshirish ishlari natijasi boʻyicha qoʻshimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.

Ma’lumot oʻrnida aytib oʻtamiz, “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda tizim korxonalarida ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga doim jiddiy eʻtibor qaratiladi. Jamiyatning barcha tizim korxonalarida maxsus ekoanalitik laboratoriyalar tashkil etilgan boʻlib, ekologlar va mutaxassislar tomonidan muntazam ravishda korxonalar hududi va ularning atrofidagi yerlar, daryolar, buloqlar hamda oqova suvlardan tegishli namunalar olinadi va ularning belgilangan meʻyorlarga mos kelishi tekshirib boriladi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati