O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 21 iyuldagi “Navoiyazot” AJda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonasi qurilishi” investitsion loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-2372-sonli qarorining ijrosini ta'minlash maqsadida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries, Ltd” va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari konsortsiumi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 985,74 mln. doll.ga teng investitsiyaviy loyihani amalga oshirmoqda.
O'zbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S.Sultonov rahbarligida “O'zkimyosanoat” AJ Boshqaruvi raisi v.b. J.T.Mirzamaxmudov, O'zbekistonnning Yaponiyadagi favqulodda va muxtor elchisi G.G.Fozilov, “Mitsubishi Heavy Industries, Ltd.” vitse-prezidenti Xiroetsu Suzuki va “Mitsubishi Corporation”ning loyihalar bo'yicha bosh menejeri Yasunori Sakamoto ishtirokida investitsiyaviy loyihaning amalga oshirilishini muhokama qilishga bag'ishlangan videomuloqot o'tkazildi.
Muzokaralar davomida qayd qilinishicha, O'zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, Yaponiyaning bevosita ko'magida bir qator investitsion va ijtimoiy loyihalar amalga oshirildi va bu Yaponiya bilan O'zbekiston Respublikasining savdo-iqtisodiy aloqalarini yangi darajaga olib chiqdi. Shuningdek, bugungi kunda kimyo sanoati O'zbekiston Respublikasi xalqining iqtisodiy farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi ustuvor asosiy milliy sanoat ekanligi ta'kidlandi.
“Navoiyazot” AJda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonasini qurish” investitsiyaviy loyihasining amalga oshirilishi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim strategik qadam hisoblanadi.
O'tkazilgan muzokaralar doirasida qayd qilindiki, loyiha yakunlanish bosqichiga yaqinlashdi. Barcha texnologik uskunalar va butlovchi qismlar qurilish maydonchasiga muvaffaqiyatli yetkazib berildi va tegishli tarzda o'rnatildi. Biroq pandemiya tufayli hozirda og'ir epidemiologik vaziyat mavjud xorijiy davlatlardan litsenziarlarning mas'ul xodimlarini safarbar qilishda qiyinchiliklar mavjud. Shunga qaramay, Yaponiya tomonining ta'kidlashicha, joriy yilning avgustidan zarur mutaxassislarni jalb qilish ishlari boshlanadi.
Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida koronavirus infektsiyasining pandemiyasi sharoitida ham, tomonlar asosiy texnologik uskunalarni mexanomontaj va sozlash-ishga tushunish ishlarini yakunlash va “Navoiyazot” AJda ammiak va karbamid ishlab chiqarish ob'ektini tez orada ishga tushurish uchun bor imkoniyatlarni safarbar etishga kelishib oldilar.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati