Ayni paytda yashil energetika tabiiy resurslardan samarali foydalanish orqali ekologik xavfsizlikni taʼminlash va iqtisodiy tejamkorlikka erishishning muhim shartlaridan biriga aylandi. Mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyihalar aholi va sanoat korxonalariga hamyonbop narxda elektr energiyasini yetkazish imkonini beradi.
Mamlakatimiz kimyo sanoatida ham ana shunday yirik loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Xususan, “Navoiyazot” AJ tomonidan 300 MVt foto elektr stansiyasini barpo etishga kirishildi.
“Oʻzbekiston—2030” strategiyasini “atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi doirasidagi Karmana tumanidagi umumiy maydoni 796 gektar boʻlgan hududda Xitoyning “Sinoma energy” kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 220 mln AQSH dollarini tashkil etadigan loyihaning ishga tushishi bilan qoʻshimcha 100 nafar ish oʻrni yaratiladi.
Taʼkidlash joiz, ekologik jihatdan xavfsiz, tuganmas, qayta tiklanuvchi, iqtisodiy samarador muqobil energiya manbalari bugun hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Yangi investitsion loyiha quyosh panellaridan foydalanish orqali korxonaning elektr energiyasiga boʻlgan talabini qanoatlantirishga xizmat qiladi.
Xususan, korxonada foydalaniladigan elektr energiyasini 100 foiz taʼminlaydi. Bunda soatiga 150 MVt korxona extiyojlari uchun, qolgan qismi esa xalq xoʻjaligida ishlatish uchun sotiladi. Yana bir muhim tomoni olinadigan elektr energiyasi 50-55 foiz arzonlashadi. Bu esa ishlab chiqarilayotgan mahmulotlar tan narxini pasaytirishga xizmat qiladi. Asosiysi atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid miqdorini esa yiliga 720 mln tonna kamaytirishga olib keladi.
Ushbu loyihani barpo etish ishlariga qariyb 1600 nafarga yaqin ishchi jalb etiladi. Ularning 500 nafari xitoylik mutaxassislar boʻlsa, qolganlarini mahalliy aholi vakillari tashkil etadi.
Loyihani 100 megavatt quvvatga ega boʻlgan qismi sentyabr oyiga qadar ishga tushirilishi, 2026-yilning birinchi choragida esa 300 megavattlik toʻliq quvvat foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Yangi stansiya sanoat korxonalari va aholi yashash manzillarini elektr energiyasi bilan taʼminlash, loyiha qurilishi va ekspluatatsiyasi davomida koʻplab ish oʻrinlarining tashkil etilishi hisobiga mahalliy aholi uchun iqtisodiy foyda keltirishi bilan ham ahamiyatli.
Zamonaviy texnologiyalar, energetika sohasidagi raqobatbardoshlik, uzoq muddatli samaradorlik, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, soliq imtiyozlari va qulayliklar. Bularning barchasi quyosh fotoelektr stansiyasining afzalligi va kimyo sanoatidagi ahamiyatini belgilaydi.
"O'zkimyosanoat" AJ Matbuot xizmati