Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

Mendeleyev nomidagi RKTUning Toshkent shahridagi filialida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi

// 20 November 2025 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (55.93 MB)

Yurtimizda yoshlarga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish, ularning fikrini eshitish va salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoit yaratish mamlakat taraqqiyotining muhim tarkibiy qismiga aylandi. 

Shu maqsadda “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan yosh mutaxassislar bilan ochiq muloqotni taʼminlashga qaratilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. “Oʻzkimyosanoat” AJ raisi Odil Temirovning navbatdagi muloqoti Mendeleyev nomidagi RKTUning Toshkent shahridagi filiali talabalari bilan boʻlib oʻtdi.

Tadbirda “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi aʼzolari, Mendeleyev nomidagi RKTUning Toshkent shahridagi filiali rahbariyati va pedagoglari hamda 200 nafarga yaqin talaba ishtirok etdi. Uchrashuvda yoshlar oʻz taklif va savollari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Ayniqsa, talaba yoshlarning oʻqish bilan birga bevosita amaliyot jarayonlarida ishtirok etishi, kimyo korxonalarida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalarga ularni jalb qilish, malaka oshirish imkoniyatlari boʻyicha qator taklif va tashabbuslar bildirildi. 

Shuningdek, talabalar oʻquv dasturlarini ishlab chiqarishdagi bugungi zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda takomillashtirib borilishiga, kimyo sohasida biznesni yuritish uchun yaratilgan qulayliklar bilan qiziqdilar. Tarmoq korxonalari faoliyatini oʻrganish, ishlab chiqarishga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish kabi masalalar ham ishtirokchilar diqqat markazida boʻldi. 

Tadbir soʻnggida har tomonlama faol boʻlgan talabalar ilm olishga boʻlgan intiluvchanligi va tashabbuskorligi yuqori baholanib, tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati