Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

Endilikda D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali talabalari yangi zamonaviy binoda tahsil oladilar

// 27 May 2021 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (961.98 KB)

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyundagi “Toshkent shahrida “D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta'lim muassasasi filialini tashkil etish to'g'risida”gi PQ-4352-sonli qaroriga muvofiq Toshkent shahrida 2019-2020 o'quv yilidan boshlab D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining filiali faoliyat ko'rsatishni boshladi.

Kadrlarga bo'lgan ehtiyojni hisobga olib, universitet bilan kelishilgan holda, Filial bakalavr va magistratura yo'nalishlari bo'yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini amalga oshiradi.

27 may kuni D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali yangi binosining tantanali ochilish marosimini o'tkazildi. Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvaxitov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Admistratsiyasi boshqarma boshlig'ining o'rinbosari A.Rыbakov, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri A.Toshqulov, “O'zkimyosanoat” AJ Boshqaruv raisi J.Mirzamahmudov, Rossiya fan va oliy ta'lim vazirining o'rinbosari D.Afanasev, Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi O.Malginov, Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasining a'zolari, tashkilot tizimidagi korxonalar rahbarlari, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirok etdi.

Filialda bakalavriat ta'lim dasturi bo'yicha o'qish quyidagi ta'lim yo'nalishlari bo'yicha olib borilidi:

  1. Kimyo texnologiyasi;
  2. Texnosfer xavfsizlik;
  3. Materialshunoslik va meteriallar texnologiyasi;
  4. Materiallarni badiiy qayta ishlash texnologiyasi.

Ushbu ta'lim yo'nalishlari “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati va iqtisodiyotning boshqa tarmoq korxonalarining kimyo-texnologik yo'nalishdagi kadrlarga bo'lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda belgilangan.

Bir asrdan ko'p tarixga ega D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti kimyo sanoati va ilm-fanni bevosita rivojlantirishga hissa qo'shgan 100 mingdan ortiq muhandislarni yetishtirgan.

Universitet Rossiyadagi kimyo va texnologik universitetlar orasida eng yuqori reytingga ega va MDHdagi eng yaxshi oliy o'quv yurtlari ro'yxatiga kiritilgan oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

O'zbekistonda universitet tarixi chuqur ildizga ega bo'lib, Ikkinchi Jahon urushi davrida 1941-yil 16-oktabrdan 17-noyabrgacha Qo'qon shahriga evakuatsiya qilingan va 1943-yil martigacha to'liq faoliyat yuritgan.

Tarixiy ildizlarga ega universitetning Toshkent shahridagi filialida hozirgi kunda fan nomzodlari faoliyat olib borishmoqda,  ingliz tili va jismoniy tarbiya mashg'ulotlarini yuqori malakali mahalliy o'qituvchilar olib borishmoqda. Qolgan barcha maxsus fanlar  bo'yicha mashg'ulotlar D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti professor-o'qituvchilari tomonidan olib borilmokda.

Filial binosining ochilish marosimidan so'ng tadbir ishtirokchilari va Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi a'zolari oliy ta'lim muasasasining moddiy-texnik bazasi bilan tanishdilar. Talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko'zdan kechirdilar.

Filialning yangi zamonaviy binosi zarur mebel, zamonaviy o'quv-laboratoriya jihozlari, kutubxona fondi, kompyuter va boshqa o'quv jihozlari bilan ta'minlangan, shuningdek, katta ma'ruzalar zali, laboratoriya binosi, yopiq sport zal, 3 ta ochiq sport maydonlari (mini futbol, basketbol), 200 o'rinlik oshxona, 4-qavatlik 225 o'rinlik talabalar yotoqxonasi hamda o'z anfiteatriga ega. Bu yerda talabalar o'qishi va yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Asosiysi universitet talabalarning kasbiy tayyorgarligi nafaqat “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi yirik korxonalar, balki farmatsevtika, neft-gaz va energetika sanoati korxonalarida ham olib boriladi. Bu esa talabalarga o'quv jarayonida olgan nazariy bilimlarini oliy ta'lim muassasasini bitirmasdanoq amaliyotda qo'llash imkonini beradi va ularni malakali kadrlar bo'lib yetishishiga xizmat qiladi.

Tadbirdan so'ng O'zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiyasi Fan va ta'lim bo'yicha quyi komissiyasining navbatdagi majlisi tashkil etildi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati