Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining 2021-yilgi yakunlari hamda 2022-yilda amalga oshiriladigan asosiy vazifalar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi

// 28 December 2021 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (602.92 KB)

Bugun O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining 2021-yilgi yakunlari hamda 2022-yilda amalga oshiriladigan asosiy vazifalar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan joriy yil davomida ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari, mahsulot hajmi va mahsulot turlari haqida maʼlumot berildi hamda 2022-yilda tashkilot tomonidan amalga oshiriladigan asosiy vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

Аvvalo kuni kecha mamlakatimiz kimyo sanoati tarixida ilk bor “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar tomonidan 2021-yil boshidan buyon ishlab chiqarilayotgan azotli mineral o‘g‘itlar miqdori fizik holda 3 mln. tonnadan shu jumladan, karbamid miqdori 1 mln. tonnadan ortiq ishlab chiqarilishga erishilganligini taʼkidlab o‘tish joiz.

Joriy yil yakuniga qadar jami 10,5 trln. so‘mlik tovar mahsuloti ishlab chiqarilishi kutilayotan edi, ammo qo‘shimcha rezervlarni ishlatish hisobiga ushbu ko‘rsatkichni 10,8 trln. so‘mga yetkazishga erishildi. O‘tgan yilga nisbatan o‘sish surʼati 126,2 foizni tashkil etadi. Bu o‘zgarishlar natijasini albatta moliyaviy ko‘rsatkichlarda ko‘rishingiz mumkin. Masalan 2016-yilda “O‘zkimyosanoat” АJ tarmoq korxonalari umumiy hisobda 34 mlrd. so‘m zarar bilan chiqqan bo‘lib, hozirda yaʼni 2021 yil yakuni bilan ushbu ko‘rsatkich 1,1 trln. so‘m sof foydani tashkil etmoqda. Аlbatta Davlatimiz rahbari tomonidan kimyo sanoatida chuqur islohotlar o‘tkazish va bozor iqtisodiyotiga o‘tish sababli ushbu ko‘rsatkichlarga erishildi.

2021-yil 21-dekabr holatiga 10,6 trln. so‘mlik tovar mahsuloti ishlab chiqarildi. Yil yakuniga qadar jami fizik holda 3,8 mln. tonna mineral o‘g‘itlar (reja bajarilishi 104,9 foiz, o‘sish o‘tgan yilga nisbatan 128,3 foiz) ishlab chiqariladi. Shundan,

  • azotli o‘g‘itlar 3,04 mln. tonnani (reja bajarilishi 106,7 foiz, o‘sish o‘tgan yilga nisbatan 131,8 foiz);
  • fosforli o‘g‘itlar 0,4 mln. tonnani (reja bajarilishi 106,8 foiz, o‘sish o‘tgan yilga nisbatan 147,3 foiz);
  • kaliyli o‘g‘itlar 0,3 mln. tonnani (reja bajarilishi 88,9 foiz, o‘sish o‘tgan yilga nisbatan 91,4 foiz) tashkil etadi.

O‘z navbatida respublikamizning qishloq xo‘jaligini mineral o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida, uzluksiz taʼminlash hamda eksport salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shish imkonini berdi.

Mazkur ko‘rsatkichlarga erishishda “Navoiyazot” АJ korxonasida nitrat kislotasi va ammiak-karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarining bosqichma-bosqich ishga tushirilgani, tarmoqning boshqa korxonalarida uskunalarni kapital taʼmirlash va modernizatsiya qilish hamda “O‘zkimyosanoat” АJda amalga oshirilayotgan islohotlar muhim omil bo‘ldi.

Shuni alohida taʼkidlab o‘tish kerakki, joriy yilda jami 70,4 mlrd. so‘mlik 4 ta yangi turdagi kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishga erishildi. Jumladan, karboksimetiltsellyuloza (KMTs) 58,1 mlrd. so‘m, karbamidformaldegid konsentrati (KFK-85) 10,2 mlrd. so‘m, NPK murakkab o‘g‘itlari 1,6 mlrd. so‘m va seromochevina 500 mln. so‘mni tashkil etadi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilda 1,7 trln. so‘mlik 26 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilib, sanoat kooperatsiyasi va mahaliylashtirish hisobiga tarmoq import hajmi 75,9 mln. dollarga qisqartirilishi kutilmoqda. Yillik reja 117,6 foizga bajarilib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish surʼati 129,7 foizni tashkil etadi.

Yil yakuniga qadar sohada 370,7 mln. dollarlik kimyo mahsulotlari eksporti amalga oshiriladi. O‘tgan yilga nisbatan o‘sish surʼati 196,3 foizni tashkil etadi. Yillik reja esa 144,3 foizga bajariladi. Shundan 300,2 mln. dollarlik mineral o‘g‘itlar va 70,5 mln. dollarlik boshqa turdagi kimyoviy mahsulotlar tashkil etadi.

Bugungi kunda kimyo mahsulotlarining ulushi yalpi ichki mahsulotning qariyb 1,7 foizini, respublika sanoat mahsulotlarining 6,7 foizini tashkil etadi.

2022-yilda 12,4 trln. so‘mlik tovar mahsuloti ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmini 4,0 mln. tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2022-yilda 2,0 trln. so‘mlik 30 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi mo‘ljallanmoqda.

Mahsulotlar tannarxini pasaytirish borasida tasdiqlangan chora-tadbirlar amalga oshirilishi hisobiga 2022-yilda jami 608,8 mlrd. so‘mlik xarajatlar maqbullashtiriladi.

2022-yilda 400,0 mln. dollarlik eksport prognoz ko‘rsatkichi belgilandi. 2022-yilda eksport qilinadigan mahsulotlar diversifikatsiyasi 40 taga (yangi turdagi NPK 13,5 mln. dollar, karbamid-formaldegid konsentrati 770,0 ming dollar, formalin 75 ming dollar) yetkaziladi.

2022-yilda jami 37 ta davlatga, yangi turdagi kimyo mahsulotlari, yaʼni kalsiy xlorid hamda NPK-o‘g‘itlar eksporti rejalashtirilgan.

2021-yilda Investitsiya dasturiga asosan 24 ta loyiha doirasida jami 139,8 mln. dollar (reja 100,0 foiz) investitsiyalar o‘zlashtirildi. Shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 114,1 mln. dollarni (o‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p) tashkil etadi.

Joriy yilda umumiy qiymati 58,0 mln. dollarga teng 10 ta loyiha foydalanishga topshirildi va 305 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Foydalanishga topshirilgan loyihalar natijasida yiliga jami 763,4 mlrd. so‘mlik tovar mahsuloti (2022-yilda 384,4 mlrd. so‘m) ishlab chiqariladi. Shundan tarmoq eksport salohiyati 13,0 mln. dollarga oshirish (2022-yilda 4,5 mln. dollar) imkoniyati yaratildi.

“O‘zkimyosanoat” АJ tomonidan dastlabki bosqichda respublikaning 4 ta hududida – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida tashkil etiladigan 4 ta kimyo klasterlarini tashkil etish va ularning hududida dastlabki qiymati 7,7 mlrd. dollarlik 55 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Jumladan, Navoiy viloyatidagi klaster hududida umumiy qiymati 4,4 mlrd. dollarlik 32 ta loyiha, Farg‘ona viloyatida 1,02 mlrd. dollarlik 8 ta loyiha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ustyurt hududida 702,0 mln. dollarlik 5 ta loyiha hamda Toshkent viloyatida qiymati 1,6 mlrd. dollarlik 10 ta loyiha amalga oshirish bo‘yicha loyihalar ro‘yxati shakllantirildi.

2022-yilda Investitsiya dasturi doirasida 18 ta loyiha bo‘yicha jami 403,3 mln. dollarlik, shundan, 363,6 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar (joriy yilga nisbatan 3,2 barobar ko‘p), 25,3 mln. dollar korxonalar o‘z mablag‘lari, 8,4 mln. dollar davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar va 6,0 mln. dollar tijorat banklari kreditlari o‘zlashtirilishi taʼminlanadi.

2022-yilda umumiy qiymati 17,8 mln. dollarga teng 5 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 2,4 ming tonna ko‘pikli polipropilen, 6 ming tonna gidroksimetiltsellyuloza, 410 ming kv.m. PVX asosida qurilish materiallari, 120 ming tonna suyuq mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish quvvatlari hamda Qo‘ng‘irot tumanida kimyo logistika markazi barpo etiladi.

Mazkur loyihalar doirasida jami 614,7 mlrd. so‘mlik tovar mahsuloti ishlab chiqarish va tarmoq eksport salohiyatini qo‘shimcha 22,8 mln. dollarga oshirish imkoniyati yaratiladi.

2022-yil avgust oyiga qadar umumiy qiymati 950,0 mln. dollarlik jami 8 ta investitsiya loyihasi (PVX-2, havoni taqsimlash uskunasi, kalsilangan soda, melamin, piroksilin va kolloksilin, kimyo logistika markazi, gidroksimetiltsellyuloza va suyuq mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish) doirasida qurilish ishlari boshlanadi.

Umumiy qiymati 2,0 mlrd. dollarlik jami 10 ta yirik loyihalar bo‘yicha loyiha oldi hujjatlari (4 ta TIА va 6 ta biznes-reja) ishlab chiqiladi hamda qiymati 1,8 mlrd. dollarlik 8 ta istiqbolli loyihalar bo‘yicha xorijiy investorlarni jalb etish ishlari olib boriladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi “Kimyo sanoati uchun innovatsion kimyoviy ilmiy-ishlab chiqarish va taʼlim klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 753-son qarorining maqsad va vaziflari ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

“O‘zkimyosanoat” АJ, uning tarmoq korxonalari va respublikamiz hududida faoliyat olib borayotgan xorijiy hamkorlarimiz uchun malakali yosh kadrlar tayyorlashga ilk jiddiy va ustivor qadamlar 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan boshlagan edi.

Hozirgi kunda ushbu qaror ijrosi amalga oshirilishi natijasida yangi zamonaviy va jahon standartlariga javob beruvchi universitet filiali faoliyat boshladi. Ushbu universitet filialida 300 nafarga yaqin talabalar taʼlim olayotgan bo‘lib, ularga bilim berish uchun 40 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar jalb qilingan.

Shuni aytib o‘tish kerakki, “O‘zkimyosanoat” АJ va tarmoq korxonalari respublikamizdagi bir necha OTMlari bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik ishlarini olib borayotgan bo‘lib, D.I.Menedeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali va Toshkent kimyo-texnologiya instituti malkali yosh kadrlar tayyorlashda asosiy strategik hamkor hisoblanadi.

“O‘zkimyosanoat” АJga Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi va Ilmiy klaster direksiyasi bilan birgalikda 2021-yil yakuniga qadar ilmiy klaster hududida quriladigan obʼektlar, shu jumladan, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi obʼektlari ro‘yxatini tuzish, shuningdek, 2022-yil 25-dekabrga qadar taʼlim yo‘nalishlari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish topshirilgan. Qarorning hayoyga tatbiq etilishi natijasida:

1. Ushbu taʼlim klasteri – malakali va iqtidorli yosh mutaxassislarni bulog‘i bo‘ladi;

2. Ushbu taʼlim klasteriga iqtidorli yoshlarni jalb qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4805-sonli qarori asosida biriktirilgan kimyo va biologiya faniga ixtisoslashgan 27 ta umumtaʼlim maktablari, kimyo sanoat kasb-hunar kollejlari, texnologik texnikumlar orqali amalga oshiriladi;

3. Oldin taʼlim tizimini ishlab chiqarishdan uzoqlashganligi, talabalarning amaliyotlari nomiga o‘tkazilganligi sababli yosh mutaxassislarni tayyorlash sifati yomonlashishiga olib kelgan. Ushbu holatlar bartaraf etiladi;

4. Ishlab chiqarish bilan taʼlim tizimini yaqindan integratsiyalashuvini yo‘lga qo‘yilishi natijasida:

  • yoshlarni ilm-fanga, kimyo sohasiga qiziqtirish, o‘z ustida izlanishlar olib borishga zamin yaratiladi.
  • yangi “startap” loyihalar, ilmiy va innovatsion izlanishlar uchun keng shart-sharoitlar yaratiladi va asosiy maqsadlardan biri sifatida rivojlanishi taʼminlanadi;

5. Taʼlim klasterida oliy va o‘rta maxsus taʼlim tizimi, ilm-fan va innovatsiya hamda ishlab chiqarishning uyg‘unlashuviga zamin yaratiladi;

6. Kelgusida taʼlim klasteri qo‘shni davlatlar uchun malakali yosh mutaxassislarni tayyorlashda yetuk taʼlim bazasi sifatida raqobatlasha oladi.

Matbuot anjumani so‘nggida jurnalist va blogerlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.

“O‘zkimyosanoat” АJ Matbuot xizmati