Joriy yilning 25-fevral kuni “Oʻzkimyosanoat” AJ va tizim korxonalari xodimlar bilan ishlash boʻlimi va xodimlarni tayyorlash va malakasini oshirish boʻlimi hamda malakalarni baholash markazlarining rahbar va masʼul xodimlari ishtirokidagi sayyor seminar-trening davomida mazkur sohadagi korrupsion xavf-xatarlarni oldini olish va bartaraf etish maqsadida proflaktik tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda “Oʻzkimyosanoat” AJ Komplayens xizmati boshligʻi Sh.Sagʻdullayev tomonidan jamiyat va tizim korxonalarida ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish tartibi va sohadagi mavjud korrupsion xavf-xatarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tahlil etildi.
Jumladan, “Oʻzkimyosanoat” AJ ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish orqali korrupsion xavf-xatarlarni kamaytirish maqsadida 2021-yil 21-oktyabrdagi №129-sonli buyrugʻi bilan “Oʻzkimyosanoat” AJ va tizim korxonalarida ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish boʻyicha yoʻriqnoma” qabul qilinganligi taʼkidlab oʻtildi.
Mazkur hujjat talablari asosida nomzodlarni tekshirish va maʼlumotlarni olish maqsadida ochiq axborot manbalaridan foydalanish, mavjud hujjatlar bilan ishlash hamda nomzodlarni tekshirish natijalari va ularni rasmiylashtirish tartibi, ularning muddatlari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtildi.
Shu bilan birga, 2021-yilda “Oʻzkimyosanoat” AJ va tizim korxonalarida fuqarolarni ishga olish va mehnat munosabatlarida manfaatlar toʻqnashuvi boʻyicha korrupsion xavf-xatarlar qayd etilganligi taʼkidlab oʻtildi.
Jumladan, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Fargʻonaazot” AJ ishga olish jarayonida ayrim xodimlari tomonidan 300 AQSH dollari miqdorida pora talab qilinganligi yuzasidan tekshiruvlar oʻtkazilib, ularga nisbatan tegishli qonuniy choralar koʻrilgan.
“Navoiyazot” AJning 2 nafar masʼul xodimlari mazkur korxonada oldin ishlagan ishchilarni ishga tiklash maqsadida 10 mln. soʻm miqdorda pul mablagʻlari olganligi holati hujjatlashtirilgan va qonuniy chora koʻrish maqsadida Navoiy viloyati prokuraturasi huzuridagi departamentga yuborilgan.
“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ masʼul rahbar xodimi bilan bogʻliq manfaatlar toʻqnashuvi oʻzi va 8 ta yaqin qarindoshlarining bir biriga toʻgʻridan toʻgʻri buysunuvchi lavozimlarini va xizmat yoʻriqnomasida koʻrsatilgan vazifalarni oʻzgartirish orqali bartaraf etilgan.
Shu bilan birga, “Navoiyazot” AJ va “Ammofos-Maksam” AJlarida xodimlarni lavozimdan lavozimga oʻtkazish va xodimlarning shaxsiy oylik tarif koeffitsentini oshirish masalasi bilan bogʻliq 20 dan ortiq murojaatlar “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan koʻrib chiqildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli takliflar berildi.
2021-yilda tarmoq korxonalarda jami 22 ta holatda manfaatlar toʻqnashuvi holati aniqlanganligi, mehnat munosabatlarida qonunbuzilish holatlarini oʻrganish maqsadida jami 49 ta xizmat surishtiruvi oʻtkazilganligi, natijalari boʻyicha tegishli xulosalar korxonalar rahbariyatiga taqdim etilganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Ishga nomzodlarni tekshirish va ishga olish jarayonidagi mavjud koruppsion xavf-xatarlarni inobatga olgan holda tegishli takliflar berildi.
Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PQ-5177-son qarori talablari asosida nomzodlarni ishga qabul qilish jarayonlarini avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va har oy yakunida ishga qabul qilish jaryoni toʻgʻrisida maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida berib borish tavsiya etildi.
Tadbir yakunida mazkur sohada oʻzaro fikr almashish, yaʼni ISO 37001:2016 halqaro standartining 8.1 bandi (Xodimlarning majmuaviy tekshiruvi) va 8.2 bandi (Majmuaviy tekshiruv) toʻgʻrisida muzokaralar oʻtkazildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati