Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

Kimyo sanoatini jadal rivojlantirish vazifalari belgilandi

// 02 June 2026 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (3.31 MB)

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-iyun kuni kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Iqtisodiyotimiz jadal rivojlanib, soʻnggi yillarda sanoat tarmoqlarida 3 ming turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi.

Bundan 9-10 yil avval mamlakatimizda kimyo mahsulotlarining asosiy qismini mineral oʻgʻitlar tashkil qilgan. Keyingi yillarda sohaga 8 milliard 300 million dollar investitsiya kiritilib, 87 ta yirik quvvat ishga tushirildi.

PVX, “yashil” vodorod, koʻpikli polipropilen, BOPP plyonka kabi 60 dan ziyod turdagi yuqori qoʻshilgan qiymatli yangi mahsulotlar ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Bu orqali iqtisodiyot tarmoqlarida minglab yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo bazasi yaratildi.

Natijada sohada eksport 3 karra oʻsdi, ishchilar soni 50 ming nafardan oshdi.

Shu bilan birga, tarmoqda hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Soʻnggi toʻqqiz yilda respublika sanoati oʻrtacha 6,3 foizga oʻsgan boʻlsa, kimyo sanoatida bu koʻrsatkich 3 foizga ham yetmagan. Kimyo mahsulotlari importi 4 barobar oshib, yiliga 4,5 milliard dollarga yetgan.

“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati asosan oʻz tizimidagi yirik korxonalar bilan cheklanib qolayotgani, sohadagi 5 mingdan ortiq korxona bilan tizimli ishlash, ularning muammo va takliflarini eshitish sustligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda mahsulotlar tarkibini oʻzgartirish, qoʻshilgan qiymatni oshirish va energiya sarfini kamaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Mamlakatimizda yiliga 1,5 million tonna ammiakli selitra ishlab chiqarilib, bunga 1 milliard 70 million kub metr gaz sarflanmoqda. Shu bilan birga, ilgʻor davlatlar selitra isteʼmolini kamaytirib, qishloq xoʻjaligida karbamid va suvda eruvchan oʻgʻitlar, togʻ-kon sanoatida esa gʻovaksimon selitradan foydalanishga oʻtmoqda.

Ammiakli selitra bilan tannarxi bir xil boʻlgan gʻovaksimon selitrada qoʻshilgan qiymat 2 barobar yuqori. Mutasaddilar va kimyo korxonalari rahbarlari bunday loyihalarni koʻpaytirish haqida jiddiy oʻylashi kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, “Navoiyazot”da ishlab chiqarilayotgan 1 tonna sian tuzining narxi 3 ming 700 dollar boʻlsa, undan yelim ishlab chiqarilganda qiymati 8 ming dollargacha oshishi mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Masʼullarga “Navoiyazot” yonidagi klasterda 1 milliard dollarlik 10 ta kam tonnali kimyo loyihasini boshlash topshirildi.

Geologiyada mavjud zaxiralarni toʻliq ishga solish orqali ham qoʻshilgan qiymatni bir necha barobar oshirish mumkinligi taʼkidlandi.

Qoraqalpogʻiston, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiyda 550 million tonna natriy va kaliy, 20 million tonna bentonit zaxiralari bor. Ushbu xomashyo chuqur qayta ishlanib, kaustik soda ishlab chiqarilsa, qoʻshilgan qiymat 3 barobar oshadi.

Jizzaxda 1,5 million tonna, Qoraqalpogʻistonda 500 ming tonna serpentinit zaxirasi aniqlangan. Unga sulfat kislotasi bilan ishlov berilsa, tonnasi 5 ming dollargacha boʻlgan magniy oksidi olish mumkin. Serpentinit yanada chuqur qayta ishlansa, nikel, xrom va kobalt olish imkoniyati paydo boʻladi. Bu esa elektrotexnika sanoati uchun muhim xomashyo hisoblanadi.

Mutasaddilarga fosforit, galit, mirabilit, serpentinit kabi kimyo sanoati uchun zarur xomashyo zaxiralarini 2 barobar oshirish boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqib, amaliy ishlarni boshlash topshirildi. Serpentinit xomashyosini qayta ishlash boʻyicha kamida 200 million dollarlik loyihalarni yoʻlga qoʻyish vazifasi qoʻyildi.

Mamlakatimizga yiliga 300 million dollarlik maishiy kimyo mahsulotlari import qilinmoqda. Mintaqada esa bunday mahsulotlar uchun 2 milliard dollarlik bozor mavjud.

Misol uchun, “Angren” erkin iqtisodiy zonasidagi tadbirkor dunyoga mashhur “Henkel” kompaniyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Hozir ushbu korxona “Henkel” tomonidan sotib olingan boʻlib, bu yerdan Hamdoʻstlik davlatlariga mahsulot yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Bunday loyihalarni koʻpaytirish maqsadida poytaxtdagi sanoat zonalaridan biridagi maydonlar maishiy kimyo loyihalari uchun ajratiladi. Ishga tushirilgan korxonalarni brendi bilan birga tayyor daromadli biznes sifatida xususiy sektorga sotish sharti bilan ushbu yoʻnalishga 50 million dollar yoʻnaltiriladi.

Boshqa viloyatlardagi shunday loyihalar uchun Sanoat kooperatsiyasi jamgʻarmasidan 15 million dollar ajratiladi. Umuman, mutasaddilarga maishiy kimyoda kamida 100 ta yangi brend mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda mineral oʻgʻitlar bozoridagi imkoniyatlar ham tahlil qilindi.

Dunyoda mineral oʻgʻitlarga talab yiliga 5 foizdan oʻsmoqda va 2030-yilda 260 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ayniqsa, yangi agrotexnologiyalar hisobiga suvda eruvchan oʻgʻitlarga ehtiyoj keskin ortib bormoqda.

Kelgusi uch yilda soha masʼullari va hokimlar oldida 2 milliard 800 million dollarlik 42 ta loyihani ishga tushirish vazifasi turibdi. Bu orqali 2030-yilga borib, azotli oʻgʻitlar ishlab chiqarish hajmini 2,8 million tonnadan 4 million tonnaga, fosforli oʻgʻitlarni 400 ming tonnadan 900 ming tonnaga, suvda eruvchan oʻgʻitlarni 100 ming tonnadan 400 ming tonnaga yetkazish muhimligi taʼkidlandi.

Suvda eruvchan oʻgʻitlar, polimerlar, maishiy va noorganik kimyo boʻyicha rejalashtirilgan yirik loyihalar hisobidan nanokimyo, “yashil” kimyo, supermolekulyar kimyo, sunʼiy intellekt asosida kimyoviy modellashtirish kabi zamonaviy yoʻnalishlarda kadrlarga talab ortishi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan kimyo sanoatida taʼlim, tadqiqot, laboratoriya va startaplarni qamrab olgan yaxlit tizim yaratilishi belgilandi.

Buning uchun Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 60 gektar maydonda kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va taʼlim klasteri tashkil etiladi. Ushbu klasterda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo qilinadi. Markazda tajriba-sinov ishlari bilan bogʻliq xarajatlarning yarmi qoplab beriladi.

Umuman, kimyo sanoatida 17 milliard dollarlik 350 dan ziyod loyihani ishga tushirish boʻyicha dastur ishlab chiqib, amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

Davlatimiz rahbari ushbu katta marralarga erishish uchun sohani ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish zarurligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan “Oʻzkimyosanoat”ni transformatsiya qilish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Yigʻilish davomida kimyo sanoati masʼullari va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari bilan muloqot boʻlib oʻtdi.