Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

Kimyo sanoatida sof texnologiyalar muhokama qilindi

// 14 October 2025 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (50.67 MB)

Poytaxtimizda kimyo sanoatining kelajagi, undagi zamonaviy tendensiyalar va ekologik yechimlar muhokamasiga bag‘ishlangan muhim tadbir — “Kimyo sanoatida sof texnologiyalar: fan, tajriba, istiqbollar” III xalqaro ilmiy-texnik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati va Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida tashkil etildi.

Anjumanda mahalliy va xorijiy olimlar, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etib, dunyo miqyosidagi ilg‘or yutuqlar va innovatsion yechimlar haqida fikr almashishdi. Tadbirning ochilish marosimida “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov va Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Asror Norov so‘zga chiqib, har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur konferensiya kimyo sanoatida ilm-fan, ishlab chiqarish va biznes o‘rtasidagi muloqot uchun muhim platformaga aylanib borayotganiga to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, konferensiya kimyo sanoatini raqobatbardosh va ekologik barqaror tarzda rivojlantirish yo‘lidagi islohotlarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.

Konferensiyadagi ma’ruzalar va muhokamalar qator yo‘nalishlarni qamrab oldi. Jumladan, energiyani saqlash va vodorod energetikasi uchun yangi materiallar, neft qoldiqlariga asoslangan zamonaviy uglerod materiallari, kam energiya talab qiluvchi tabiiy gazni ajratish jarayonlari, yashil kimyo va kadrlar tayyorlash kabi masalalarga e’tibor qaratilib, ekologik barqaror ishlab chiqarish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish uchun mutaxassislar salohiyatini oshirish, ta’lim va ilm-fan integratsiyasi yuzasidan fikr almashildi. Anjumanda nafaqat ilmiy yutuqlar, balki amaliy hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, ushbu tadbir nafaqat bilim va tajriba almashish maydoni, balki kelgusidagi qo‘shma loyihalarga zamin yaratuvchi muhim platformaga aylanmoqda.

“Kimyo sanoatida sof texnologiyalar” konferensiyasi mamlakatimiz kimyo sanoatidagi ilmiy izlanishlarni yanada jadallashtirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ekologik talablarga javob beradigan yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy etishda navbatdagi qadam bo‘ldi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati