Bugun O`zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida Xalqaro innovatsion g`oyalar haftaligi – “InnoWeek-2021”ga start berildi. Haftalikni O`zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri o`rinbosari, Turizm va sport vaziri А.Аbduhakimov hamda O`zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri I.Аbduraxmonovlar ochib berishdi.
Xalqaro innovatsion g`oyalar haftaligining birinchi kunida mehmonlar haftalik doirasidagi ko`rgazmalar bilan tanishish, Postpandemiya davri uchun innovatsiyalar forumi, “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni final bosqichi, “Role of innovation and Technology Development in Turkic Region” Forumi, Xalqaro shartnoma va memorandumlarni imzolash marosimi, Oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning ilmiy ishlanmalari forumi, ijtimoiy-gumanitar fanlarning innovatsion ko`rgazmasida ishtirok etish imkoniga ega bo`lishdi. Ekspozitsiya yig`ilganlarni yurtimiz hamda jahon ilm-fani yutuqlari bilan tanishtirishga qaratilgan bo`lib, tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
“InnoWeek-2021” Xalqaro innovatsion g`oyalar haftaligida “O`zkimyosanoat” АJ va tizim korxonalari ham ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida ishlab chiqarish masalalari bo`yicha tegishli institutlar ilmiy xodimlari bilan muzokaralar olib borilmoqda va tomonlar kelishuviga ko`ra shartnomalar imzolanishi ko`zda tutilgan.
Xalqaro innovatsion g`oyalar haftaligi joriy yilning 27 noyabriga qadar davom etadi.
“O`zkimyosanoat” АJ Matbuot xizmati