Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

“Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishishga qaratilgan press-tur tashkil etildi

// 15 April 2021 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (305.15 KB)

Bugun “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimidagi korxona-tashkilotlar faoliyati bilan jurnalist va blogerlarni yaqindan tanishtirish bo'yicha tasdiqlangan media-rejaga muvofiq, “Birinchi rezinotexnika zavodi” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga press-tur tashkil etildi.

“Birinchi rezinotexnika zavodi” mas'uliyati cheklangan jamiyati O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Angren erkin industrial zonasi hududida rezina mahsulotlari zavodi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, 2014 yilda tashkil etilgan. 2018-yilda avtomobil va qishloq xo'jaligi shinalari, rezina-mato va rezina-simli konveyer lentalari ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.

Shinalar va konveyer lentalarini ishlab chiqarish zavodida Germaniya, Gollandiya, Italiya, Yaponiya va Xitoydan eng zamonaviy uskunalarga ega. Zavodning rejalashtirilgan ishlab chiqarish quvvati 3.0 million dona avtomobil shinalari, 200 ming dona qishloq xo'jalik shinalari va 100 ming pogon metr konveyer lentalarini tashkil etadi. Korxonaning ishlab chiqarish quvvatiga erishish, loyihaga muvofiq, mahsulot sifatini to'g'ri ta'minlash maqsadida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Bugungi kunda “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ ishlab chiqarish va ofis maydoni 30 gektar tashkil etadi, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo'lib, ularda mingdan ortiq yuqori malakali mutaxassislar mehnat qilmoqda. Zavod uskunaning estetik parametrlari va ishlash qulayligiga alohida e'tibor beradi, ammo birinchi o'rinda har doim mahsulot sifatini saqlash turadi. Shina va konveyer lentalarining har bir turi sifat bo'limidan tashqari mutaxassislar tomonidan tekshiriladi va laboratoriyada yaxshilab sinovdan o'tkaziladi. 2019 yildan bugungi kunga qadar korxona tomonidan umumiy qiymati 266 mlrd. so'm bo'lgan 704,1 ming dona avtomobil shinalari, 16,9 ming dona qishloq xo'jaligi shinalari va 72,9 ming pogon metr konveyer lentalari ishlab chiqarildi.

Umuman “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJning ishlab chiqarish imkoniyatlari 58 standart o'lchamdagi avtomobil shinalarini ishlab chiqarish imkonini beradi, ulardan 39 tasi 2020 yilda o'zlashtirilgan xalqaro standartlarga javob beradigan mutlaqo yangi standart o'lchamlardir.

Chexiya Respublikasida Chexiya Transport vazirligi huzuridagi rezina texnologiyasi va sinov institutida (IGTT a.s.) Yevropa standartlariga muvofiqligi tekshirilganda “Bars” shinalari Markaziy Osiyo va  tabiiy - iqlim sharoitlariga mos deb tan olindi. Har qanday yo'l qoplamasi bilan yullarda foydalanish uchun javob beradi. Zavod mahsulotlari mutahassislar tomonidan o'tkazilgan barcha o'lchov va texnik sinovlarda o'z sifatini namoyish etdi. 

2020 yilning noyabr oyida “General Motors” korporatsiyasi talablariga muvofiq, kompaniya va mahsulotlarni sertifikatlashda texnik yordam ko'rsatish uchun “LingLong” va “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ, milliy “Bars” brendi ostida shina ishlab chiqaruvchisi o'rtasida 4 yillik shartnoma imzolandi. Ushbu shartnoma Amerikaning “General Motors” korporatsiyasi tomonidan belgilangan BIQS talablariga muvofiq “O'zavtomotors” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan yo'lovchi avtomobillari uchun shinalar yetkazib berishni ko'zda tutadi va u avtomobil shinalari sifati va zavodning tarkibiy faoliyatiga oid 30 banddan iborat.

Hozirda korxona Xitoyning LingLong kompaniyasining texnik ko'magi ostida mazkur talablarni bajarish bo'yicha ishlarni yakuniga yetish arafasida turibdi va joriy yilning sentyabridan boshlab Damas avtomobillari uchun yil yakuniga qadar 60 ming dona avtomobil shinalari yetkazib beriladi. 2023 yilga kelib esa “UzautoMotors” AJga
7 turdagi 37,4 mln. dollar qiymatidagi 1,2 mln. dona avtomobil shinalari yetkazib berish rejalashtirilgan.

2021 yilda korxona tomonidan umumiy qiymati 538,6 mlrd. so'm bo'lgan 1,6 mln. dona avtomobil shinalari, 30 ming dona qishloq xo'jaligi shinalari va 73,5 ming pogon metr konveyer lentalari ishlab chiqarilishi va shu bilan birgalikda jami 47 turdagi yangi turdagi xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarishga o'zlashtirish rejalashtirilgan bo'lib, ishlab chiqarish quvvatlarini o'zlashtirish rejasi 40%ga yetkaziladi.

2021 yilda qiymati 581 ming dollarlik mahsulotlar eksporti rejalashtirilgan bo'lib, hozirda “AVTOVAZ” (Rossiya Federatsiyasi) kompaniyasidan 10 ming dona va “Giant Motors” (Azarbayjon) kompaniyasidan 76 ming dona avtomobil shinalari uchun buyurtma kelib tushgan.

Shuningdek, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ 3 turdagi qishloq xo'jalik shinalarini ishlab chiqaradi. Rezina-mato va rezina-simli 60 dan ortiq turdagi konveyer lentalarini ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Ulardan 2020-yilda o'zlashtirilgan 33 ta yangi tur, quvvati va chidamligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ konveyer lentalari mahalliy kompaniyalar: GP NKMK (Navoiy kon-metallurgiya kombinati), “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “O'zbekko'mir” AJ, “O'zkimyosanoat” AJ korxonalari  va “O'zpromstroymateriallari” uyushmasi kabi mahalliy kompaniyalar ishlab chiqarishda qo'llaniladi.

Korxonada ishlab chiqarilayotgan barcha mahsulotlarning sifati kafolatlangan bo'lib, ushbu mahsulotlar o'rnatilgan tartibda sertifikatlashtirilgan. Korxonada xom-ashyo va materiallarning qabul qilinishidan boshlab, ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida mahsulotlarning sifati xalqaro standartlar (ASTM, ISO va GOST) talablari asosida qat'iy nazoratga olingan. Tayyor mahsulotlarning barchasi eng zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta'minlangan xalqaro ISO 17025 standarti talablari asosida akkreditatsiyadan o'tgan sinov laboratoriyasida tegishli sinovlardan o'tkazilgandan so'ng sotuvga chiqariladi.

Shuningdek, korxonada ISO 9001, IATF 16949, ECE 30, ECE 54, ECE 106, ECE 117 xalqaro standartlar talablari to'liq joriy qilingan.

Korxonada ishlab chiqarilayotgan avtomobil shinalari respublika hududiga import qilinayotgan aksariyat mahsulotlardan sifat ko'rsatkichlari bo'yicha yuqori bo'la turib, narx jihatidan ularga nisbatan arzon. “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ konveyer lentalari mahalliy gigantlarning ishlab chiqarish sikllarida kuchli o'rnini egalladi va sifat xususiyatlari va chidamligi bilan mashhur.

Jamiyatda ishlab chiqarilayotgan avtomobil shinalari (o'rtacha narxi - 25 dollar ekv.) sifat ko'rsatkichlari bo'yicha Koreya Respublikasidan import qilinayotgan mahsulotlar (o'rtacha narxi – 40-45 dollar ekv.) bilan bir xil darajada bo'lib narx jihatidan ularga nisbatan arzon hamda Xitoy mamlakatidan import qilinayotgan sifat darajasi past bo'lgan mahsulotlar bilan bir xil narxda realizatsiya qilinmoqda.

Zavod xodimlari mijozlarga ushbu sohadagi jahon rahbarlaridan olgan tajriba, bilim, keng qamrovli savdo aloqalari, qo'shma vazifalarni hal yetishga yuqori sifatli, professional yondashuvni taqdim yetishga tayyor. “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJning tashrif qog'ozi - bu narxlarning afzalligi, sifat kafolati, qisqa yetkazib berish muddati hisoblanadi.

Bugungi kunda zavod faoliyati ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarda takomillashtirilmoqda va quyidagi printsiplarga asoslanadi:

* yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqish, keng assortiment, yuqori sifat va raqobatbardoshlik;

* rezina mahsulotlar, zamonaviy uskunalar ishlab chiqarish bo'yicha yetakchi kompaniyalar tajribasini o'rganish;

* buyurtma va mijoz so'rovlarini bajarish;

* ilmiy-tadqiqot ishlarini, innovatsion texnologiyalarni va professional kadrlarni rivojlantirish.

Amalda qabul qilingan ish printsiplarini amalga oshirib, zavod har yili o'z mahsulotlarining turlarini ko'paytiradi, korxonalar va tashkilotlarning murakkab, standart va individual buyurtmalarini qabul qilib, yangi turdagi yuqori sifatli, ishonchli mahsulotlar ishlab chiqaradi.

Press-tur so'nggida jurnalist va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Matbuot anjumani davomida jurnalist va blogerlar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

 

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati