Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

Brifing: “Oʻzkimyosanoat” AJda 2026-yilning birinchi yarim yilligida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar

// 30 June 2026 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (36.44 KB)

 

Hisobot davrida korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, Prezident farmon va qarorlari, Hukumat topshiriqlari, ichki meʼyoriy hujjatlar, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yillik reja hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish dasturi asosida tizimli ravishda amalga oshirildi.

Avvalo, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini yanada kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–22-son Farmoni ijrosi doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJning tashkiliy tuzilmasi qayta koʻrib chiqildi. Natijada Boshqaruv raisining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2025-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni talablariga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasining nizomi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining namunaviy Nizomi asosida xodimlarning lavozim yoʻriqnomalari qayta ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Davlat xaridlari sohasida shaffoflik va ochiqlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabrdagi “Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni talablariga muvofiq “Oʻzkimyosanoat” AJning Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasida “davlat xaridi boʻyicha bosh mutaxassis” lavozimi joriy etildi.

Shu bilan birga, Davlat xaridlari operatsiyalarini nazorat qilishni takomillashtirish maqsadida “Oʻzkimyosanoat” AJning “Xaridlar toʻgʻrisida”gi Nizomi va “Kontragentlarni tekshirish toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomasi yangi tahrirda ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.

Hisobot davrida davlat xaridlari sohasida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari doirasida “Ammofos-Maxam” AJda 2024–2026-yillarda amalga oshirilgan qariyb 7 milliard soʻmlik davlat xaridlari oʻrganildi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʻyicha xizmat tekshiruvlari oʻtkazilib, natijada 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 4 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.

Shuningdek, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar natijasida yetkazilgan 156 million soʻm zarar kontragent hisobidan qoplanishi taʼminlandi hamda 1 milliard 200 million soʻm mablagʻning samarasiz sarflanishining oldi olindi.

Davlat xaridlarida korrupsiya xavflarini kamaytirish maqsadida hisobot davrida tuzilgan 598 ta xoʻjalik shartnomasining barchasiga korrupsiyaga qarshi kurashishga oid maxsus shartlar kiritildi. Kadrlar bilan ishlash jarayonlarida ham shaffoflikni taʼminlash choralari koʻrildi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalariga ishga qabul qilingan 13 nafar yangi xodim belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazilib, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish choralari koʻrildi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining 2025-yil 30 dekabrdagi “Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori talablariga muvofiq, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligi baholanishini taʼminlash maqsadida, 2026-yil 1-yarim yiligida 7 ta yoʻnalish va 36 ta maxsus indikator boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqidagi maʼlumotlar shakllantirildi va “E-Anticor.uz” elektron platformasiga kiritish choralari koʻrilmoqda.

Murojaatlar bilan ishlash sohasida ham tizimli ishlar amalga oshirildi. Hisobot davrida Jamiyat va tarmoq korxonalarining ishonch aloqa kanallari orqali jismoniy va yuridik shaxslardan jami 72 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 6 tasi korrupsiyaga oid boʻlib, har biri belgilangan tartibda koʻrib chiqildi va murojaatchilarga qonunchilikda belgilangan tartibda javoblar berildi.

Xulosa qilib aytganda, 2026-yilning birinchi yarim yilligida “Oʻzkimyosanoat” AJda korrupsiyaning oldini olish, davlat xaridlarida shaffoflikni taʼminlash, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va komplayens madaniyatini yuksaltirish boʻyicha qator amaliy ishlar bajarildi. Ushbu yoʻnalishdagi chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.