AQShning Keys Vestern Rezerv universiteti tadqiqotchilari taqiladigan elektronikada foydalanish, sensorlar va egiluvchan datchiklarda qoʻllash uchun mos boʻlgan elektr xususiyatlarga ega yangi turdagi ftorsiz segnetoelektrik polimer yaratdilar.
“Bu material oʻzining elektr xususiyatlarini butunlay yangi usulda hosil qiladi”, — dedi loyiha rahbari, makromolekulyar fan va muhandislik professori Ley Chju. — «Anʼanaviy segnetoelektriklardan farqli oʻlaroq, unga qutblanishni yaratish uchun kristallanish talab etilmaydi. Bu esa bunday materiallarni loyihalashga yondashuvni tamoman oʻzgartiradi».
Segnetoelektrik materiallar tashqi elektr maydoni taʼsirida oʻzining elektr qutblanishini oʻzgartira oladi. Bu xususiyat zamonaviy elektron qurilmalarda juda muhim sanaladi: u orqali kichik, energiyani tejovchi va yuqori sezuvchan komponentlar yaratish mumkin.
Ishlab chiquvchilarning taʼkidlashicha, yangi material ftor moddasini umuman oʻz ichiga olmagan, biroq barcha muhim elektr-texnikaviy xususiyatlarni saqlagan holda egiluvchan va elastik hisoblanadi.
Laboratoriyada yaratilgan polimer inson tana qismi bilan kontaktga kiradigan qurilmalar — taqiladigan datchiklar, infraqizil detektorlar va tibbiy ultratovush sensorlarida qoʻllash uchun ayniqsa maqbul. Uning mexanik yumshoqligi va biologik toʻqimalar bilan mosligi bugungi kunda ishlatilayotgan moʻrt keramik segnetoelektriklarga muqobil boʻlishi mumkin.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati