O'zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonuniga binoan, 2015 yilning yanvar-iyun oylari davomida kompaniya korxonalari va tashkilotlari tomonidan Jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish, xat va arizalarini ko'rib chiqish holati va natijalari yuzasidan 2015 yil 15 iyun kuni bo'lib o'tgan "O'zkimyosanoat" davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvining selektor yig'ilishida tanqidiy muhokama qilindi.
Muhokama doirasida 2015 yilning 15 iyun holatiga kompaniyaga 70 ta ariza va shikoyatlar kelib tushganligi (o'tgan yilning shu davriga nisbatan 25 taga ko'p) va ularda asosan ish haqini o'z vaqtida berilmasligi, moddiy yordam ko'rsatish, uy–joy olish, fermerlar tomonidan mineral o'g'itlarni sotib olishdagi muammolar, yoshlarni ishga joylashtirish, debitor qarzdorliklar, kredit to'lovlarini to'lashda amaliy yordam ko'rsatish masalalari qayd etildi.
Muhokamada murojaatlarning ko'payganligi sabablaridan biri sifatida mineral o'g'it sotib olinishi jarayonlarida “Qishloqxo'jalikkimyo” HAJlari va fermer xo'jaliklari o'rtasida sodir bo'layotgan tushunmovchiliklar ekanligi ko'rsatib o'tildi. Shuningdek, kompaniya tasarrufidagi korxona va tashkilotlarga ishga joylashish masalasida ham murojaatlar kelib tushganligi bugungi kun ko'rsatkichiga o'z ta'sirini ko'rsatganligi izohlandi.
Kompaniya xodimlari tomonidan murojaatlarni o'rnatilgan tartibda o'rganib chiqish jarayonida, ba'zi bir murojaatlar o'z tasdig'ini topmaganligi, ayrim murojaatlar O'zbekiston Respublikasining 2014 yil 3 dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi 378-sonli Qonunning 6-moddasi talablariga javob bermasligi, ya'ni arizachi tomonidan shikoyat xati imzolanmaganligi sababli anonim deb topilganligi va rad etilganligi ma'lum qilindi.
Majlisda murojaatlarni qabul qilish, har bir xat va arizalarni ko'rib chiqishda amaldagi qonunchilikda belgilangan tartiblarga qatiy rioya qilish yuzasidan nazoratni kuchaytirish, belgilangan rejalar asosida o'rganish ishlarini olib borish, joylarda fuqarolar bilan uchrashuvlar o'tkazish amaliyotini davom ettirish yuzasidan korxona va tashkilotlar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.