Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

O'zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro'-e'tibori tobora yuksalmoqda

// 06 June 2014 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (67.93 KB)

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “O'zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferentsiya ishtirokchilari poytaxtimiz, Toshkent va Samarqand viloyatlarida bo'lib, mamlakatimizda qishloq xo'jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va ishlab chiqarish, qishloqlar qiyofasini o'zgartirish, aholi farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar, yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashdilar.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ijtimoiy yo'naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni kengaytirish, fermerlik harakatini va qayta ishlash sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan tub islohotlar samarasida mamlakatimiz tarixan qisqa davrda oziq-ovqat mustaqilligiga erishdi.

Davlatimiz rahbarining 2011 yil 31 oktyabrda qabul qilingan “2012-2015 yillarda respublika oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishni va boshqaruvini tashkillashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori oziq-ovqat sanoatining izchil taraqqiy etishida muhim dasturulamal bo'lmoqda.

Xalqaro konferentsiya ishtirokchilari Toshkent shahridagi “Gold Dried Fruits” mas'uliyati cheklangan jamiyati, “Green World” O'zbekiston-AQSh-Janubiy Koreya, “Lazzat Karamel” O'zbekiston-Shveytsariya qo'shma korxonalarida bo'lib, oziq-ovqat sanoati sohasida erishilayotgan yutuqlar bilan tanishdi.

2013 yilda tashkil etilgan “Gold Dried Fruits” korxonasi quritilgan sabzavot mahsulotlari va ziravorlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yuzdan ziyod ishchi mehnat qilayotgan korxona bir kunda 120 tonna hosilni qayta ishlash quvvatiga ega. Mahsulotlarning 90 foizi eksport qilinmoqda.

“O'zbekiston iqtisodiyotning barcha sohalarida izchil rivojlanayotgan mamlakat, – deydi Atrof-muhitni o'rganish instituti direktori, professor Maykl Edelshteyn (AQSh). – Mamlakatingizga har gal kelganimda ulkan o'zgarishlarning, barcha sohada qo'lga kiritilayotgan yangi-yangi yutuqlarning guvohi bo'laman. Aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash bugungi kunning dolzarb masalasidir. Bu jihatdan Toshkentda o'tkazilayotgan xalqaro konferentsiya g'oyat muhim ahamiyat kasb etadi. O'zbekiston ko'rkam bog'-rog'lari, shirin-shakar mevalari bilan dunyoga mashhur. Quyosh nuriga to'yingan bunday mazali mevalarni boshqa hech qaysi mamlakatda uchratmaganman”.

Chet el investorlarining mamlakatimizga sarmoya kiritishga qiziqishi tobora oshmoqda. Buni mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalaridagi qator sarmoyaviy loyihalarda faol ishtirok etayotgan xorij kompaniyalari misolida ham ko'rish mumkin. Poytaxtimizdagi “Green World” O'zbekiston-AQSh-Janubiy Koreya qo'shma korxonasi ana shunday muassasalardan.

Bu yerda qishloq xo'jaligi mahsulotlaridan turli sharbatlar, murabbo, shinni va konservalangan tuzlamalar tayyorlanadi. Bejirim qadoqlanayotgan meva sharbatlari yuqori sifati, xushta'm va tabiiyligi bilan ajralib turadi.

“Prezident Islom Karimovning uzoqni ko'zlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli O'zbekistonda har soha, jumladan, oziq-ovqat sanoati izchil taraqqiy etayotganining guvohi bo'ldik, – deydi Kordoba viloyatining Fermerlar uyushmasi prezidenti, Ishbilarmonlar palatasi raisi Ignasio Fernandes de MeSA (Ispaniya). – O'zbekistonning jahondagi obro'-e'tibori tobora yuksalmoqda. Bu mamlakatingizda bozor iqtisodiyotiga oid islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish natijasida qo'lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarning xalqaro hamjamiyat, xususan, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki kabi ko'plab yirik moliya muassasalari tomonidan e'tirof etilishida o'z ifodasini topmoqda. Konferentsiya ishtirokchilari uchun uyushtirilgan biznes-uchrashuvlar, qator korxonalar faoliyati bilan tanishuv mamlakatingiz iqtisodiy salohiyati haqida boy tasavvurga ega bo'lish imkonini bermoqda. O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, meva va sabzavotlar, ulardan tayyorlanayotgan sharbatlar yuqori sifati, xushta'mligi va tabiiyligi bilan havasimizni tortdi. Mevalarning bu qadar ko'pligi, turlarining xilma-xilligi, bir-biridan mazaliligi bizni lol qoldirdi. O'zbekistonlik ishbilarmonlar bilan yaqin hamkorlik aloqalari o'rnatish, mavjud munosabatlarni yanada mustahkamlash niyatidamiz”.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qandolat mahsulotlari orasida “Lazzat Karamel” O'zbekiston-Shveytsariya qo'shma korxonasi mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tayyorlanayotgan 30 turdagi shirinliklar iste'molchilarga ma'qul kelayotir. “Lazzat Karamel” yiliga to'rt ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

“Tashkilotimiz O'zbekiston bilan ko'p yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelayotir, – deydi Xususiy sektorni rivojlantirish bo'yicha Islom korporatsiyasi raisining o'rinbosari Xaled Muhammad Al-Abudiy. – O'zbekistondagi korxonalarning faoliyati yil sayin takomillashib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi ko'payib, sifati tobora oshib borayotganini alohida ta'kidlashni istardim. “Asaka”, “Asia Alliance” kabi o'nga yaqin banklar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelyapmiz. Shu paytgacha kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashga doir, xususan, O'zbekistondagi 172 korxonani moliyalashtirishga oid ko'plab qo'shma loyihalarni amalga oshirdik. Kelgusida qo'shma loyihalarimiz qamrovi yanada kengayadi, degan umiddaman. Mamlakat iqtisodiyotini taraqqiy ettirish borasida Prezident Islom Karimov tomonidan olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq”.

Mehmonlar Toshkentdagi “Farhod” dehqon bozorida ham bo'ldilar.

“Kompaniyamiz oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug'ullanadi, – deydi “OTTO Young Heung Groceries” kompaniyasi prezidenti Seo Xyun Su (Janubiy Koreya). – Konferentsiya doirasida poytaxtingizdagi quritilgan sabzavotlar, turli sharbatlar, konservalangan mahsulotlar va shirinliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qator korxonalarda bo'lib, mahsulot tayyorlash jarayoni bilan yaqindan tanishdim. O'zbekiston bozorlari o'zining betakror jozibasi, to'kinligi bilan dovruq qozongan. “Farhod” dehqon bozoridagi fayzu barakani ko'rib, dilim yayradi. Konferentsiya doirasida “Green World” va “Arktika Bottlers” korxonalari mahsulotlarini sotib olish bo'yicha yaqin hamkorlik o'rnatish niyatidaman”.

Xorijlik mehmonlar Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi "Istiqlol" mahalla fuqarolar yig'inida bo'lib, bu yerda namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylar bilan tanishdi.

Mazkur mahallada ijtimoiy-madaniy, maishiy xizmat ko'rsatish inshootlari puxta ishlab chiqilgan reja, zamonaviy me'morlik loyihalari asosida qurilgan. Mahalla guzarida qad rostlagan supermarket, non sexi aholining ehtiyojlariga mos faoliyat ko'rsatmoqda.

“O'zbekistonning qishloq joylarida qurilayotgan yangi uy-joylar loyihalari pishiq va har tomonlama qulay ekaniga ishonch hosil qildik, – deydi “Plantrees” kompaniyasining savdo bo'yicha direktori Karolin Lamber xonim (Belgiya). – Loyihada oila a'zolarining barcha ehtiyojlari inobatga olingan. Xonadonlar gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi bilan to'liq ta'minlangan, hududda mini-marketlar faoliyati yo'lga qo'yilgan. Non sexida tayyorlanayotgan ellik turdagi non mahsulotlaridan tatib ko'rdik. Keng, batartib, fayzli ko'chalar, hovlilarda yashnab turgan daraxtlar, gullarning tarovatidan bahri-dilingiz ochiladi. Mamlakatingizdagi tinchlik, obodlik va farovonlikka havasim keldi”.

“Toshkent bog'-rog'lari” mas'uliyati cheklangan jamiyatida nok, olma va olxo'ri yetishtirilmoqda. 50 gektarda joylashgan intensiv bog'dan o'tgan yili dastlabki hosil olindi.

“O'zbekiston meva-sabzavot va uzum yetishtirish bo'yicha dunyoning ko'plab davlatlari orasida yetakchi o'rinni egallaydi, – deydi “DISYS” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Kim Ki Xvang (Janubiy Koreya). – Bu O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida ancha ilgarilab ketganidan dalolatdir. Korxonamiz fermer xo'jaliklariga mobil telefon yordamida issiqxonalarni nazorat qilishga mo'ljallangan texnologiyalarni taqdim etadi. Yurtingizda fermerlarga yaratilayotgan imtiyozlarni hisobga olsak, bu texnologiyaning sohaga tatbiq etilishi mulkdorlarni axborot texnologiyalari bilan ta'minlash imkonini beradi”.

“O'zbekistonda sabzavotlarni qadoqlash bo'yicha ilg'or tajriba to'plangan, – deydi “Junction Xervices” kompaniyasi ijrochi direktori Dar Yap xonim (Singapur). – Konservantlar va kimyoviy qo'shimchalarsiz tuzlangan bodring ta'mi og'zimda qoldi. O'zbekistonda qishloq xo'jaligi va tekstil sanoati rivojlangani haqida eshitganman. Qayta ishlashning bunchalik yuksalgani haqida bilmas edim. Bu yerda faoliyat yuritayotgan yoshlarning g'ayrati, korxonadagi tozalik, sanitariya me'yorlarini ko'rib hayratda qoldim”.

Xalqaro konferentsiya ishtirokchilari Zangiota tumanidagi “Master Delikatesov” mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur korxona kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

“O'zbekistondagi tinchlik-osoyishtalik, bozorlardagi to'kin-sochinlikka havasim keldi, – deydi “Putra” universitetining muhandislik fakulteti dekani, professor Azmiy bin Dato Yahyo (Malayziya). – Hozir ko'plab davlatlarda notinchliklar, oziq-ovqat taqchilligi yuz bermoqda. Narx-navoni kuzatib, o'zimizniki bilan taqqoslab ko'rdik. Narxlar juda arzon. Eng muhimi, mahsulotlarning barchasi ekologik sof va tabiiy. Bunday to'kinlik, arzonchilik, mo'l-ko'lchilikka shukr qilish, uning qadriga yetish zarur”.

Xalqaro anjuman ishtirokchilarining bir guruhi Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.

Samarqand tumanidagi “Ohalik oltin bog'i mevasi” fermer xo'jaligida 680 gektar maydonda intensiv bog' tashkil etilgan. Bu yerda yiliga 10 ming tonna meva yetishtirilmoqda. 2013 yilda 3 million dollar miqdorida daromad olingan. Xo'jalikda yetishtirilayotgan mevaning 2,5 ming tonnasi qayta ishlanib, o'nga yaqin mamlakatga eksport qilinmoqda.

“Ushbu fermer xo'jaligida intensiv texnologiya asosida yaratilgan bog'lar menda katta taassurot qoldirdi, – deydi Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik bo'yicha uyushmaning loyiha rahbari Paulina MOR xonim (Germaniya). – Mevalar ta'mi va xush bo'yi bilan alohida ajralib turibdi. Ekinlarni tomchilab sug'orish usuli ham o'ziga xos. Bog'dorchilikka ixtisoslashgan Germaniyaning ko'plab kompaniyalari O'zbekiston bilan mazkur yo'nalishda hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda. O'zbekistonda yetishtiriladigan barcha turdagi mevalar, jumladan, quruq mevalar jahon bozorida yuksak qadrlanadi”.

2002 yilda tashkil etilgan “Agromir Samarqand” qo'shma korxonasi nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlar bozorida ham o'z xaridoriga ega. Korxonada meva-sabzavotlardan konservalangan mahsulotlar, meva sharbatlari va nektarlar ishlab chiqariladi. Ular qator mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

“Ushbu qo'shma korxona faoliyati bilan tanishib, o'zim uchun katta tajriba orttirdim, – deydi “Great Lakes Agro Energy” kompaniyasining bosh texnologi Jon Mark Xakni (AQSh). – Bu yerda ilg'or texnologiyalar va xalqaro andozalar asosida ishlab chiqarilayotgan turli sharbatlar va konserva mahsulotlarining ta'mi og'izda qoladi. Mazkur korxonada o'rganganlarimni, orttirgan tajribamni kompaniyamizda qo'llash niyatidaman. Kompaniyamiz mamlakatingiz bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatishdan manfaatdor”.

Mehmonlar Samarqanddagi Registon ansambli, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug'bek rasadxonasi va boshqa tarixiy obidalarni katta qiziqish bilan tomosha qildi, shaharda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

O'zA, Nodira Manzurova, Bobur Obidov, Sayyora Shoeva, Iroda Umarova, Sarvar O'rmonov, A'lo Abdullaev, Otabek Mirsoatov, 05.06.2014 21:28