Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

"Made in Uzbekistan": ishlab chiqaruvchilar uchun imkoniyatlar maydoni

// 08 November 2017 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (31.95 KB)

“O'zekspomarkaz”da “Made in Uzbekistan” deb nomlangan mamlakatimiz iqtisodiy soha yutuqlari ko'rgazma-yarmarkasi ish boshladi. 

Ko'rgazma ochilish marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari, mahalliy va chet ellik ishbilarmonlar qatnashdi. 
O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari N.Otajonov va boshqalar mamlakatimizda tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, mahalliy korxonalarda import o'rnini bosuvchi va eksportga yo'naltirilgan yangi mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e'tibor qaratilayotgani, korxonalarning jadal faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berilayotganini ta'kidladi. 

Ko'rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar yengil sanoat, farmatsevtika, neft-gaz, oziq-ovqat, charm-poyabzal, qurilish, xalq iste'moli mollari, avtomobilsozlik, kimyo sanoati, yo'l-transport infratuzilmasi, elektrotexnika, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari, agrosanoat yutuqlari, yangi mahsulotlar, ta'lim va boshqa turdagi xizmatlarni namoyish etmoqda. Ko'rgazma ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilar uchun ishlab chiqarish tarmoqlariga joriy etilayotgan so'nggi innovatsion loyihalar haqida ma'lumot olish imkoni yaratilgan.

Ta'kidlash joizki, bugun nafaqat ichki bozorda, balki Markaziy Osiyo mintaqasi va MDH bozorlarida yuqori talabga ega va import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan e'tibor tufayli mamlakatimizda joriy yil boshidan mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan 750 loyiha asosida 5 trillion 781 milliard so'mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Mahsulotlar eksporti hajmi muttasil ortib bormoqda.

Ko'rgazma-yarmarka mahalliy va xorijiy ishbilarmon doiralar, yirik kompaniyalar, xususiy korxonalar vakillarida katta qiziqish uyg'otmoqda. Xususan, Xitoyning Shensi provintsiyasida joylashgan xalqaro port zonasi ma'muriyati o'zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik aloqalarni mustahkamlash niyatida. "Bir makon, bir yo'l" loyihasi doirasida savdo-hamkorlik, gumanitar aloqalarni mustahkamlash ko'zda tutilgan. Bundan tashqari, Qozog'istonning "Sauda Samal" kompaniyasi, Tojikistonning "Saxovat" savdo majmuida joylashgan O'zbekiston – Tojikiston savdo uyi mas'ullari tadbirkorlarimiz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar uchun beg'araz maydonchalar ajratish, ushbu mamlakatlarda mahsulotlar namoyishini tashkil etish takliflarini bildirmoqda. Shuningdek, Janubiy Koreya, Rossiya, Afg'oniston, Qirg'iziston, Tailand, Kuvayt, Turkiya, Frantsiya va boshqa davlatlar kompaniyalari vakillarining ham faol qiziqishi kuzatilmoqda.

O'zA