Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

Hamkorlik ko'lami kengaymoqda

// 04 November 2014 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (48.98 KB)

O'zbekiston va Xitoy xalqlari o'rtasidagi do'stlik va hamkorlik bugungi kunda yangi mazmun kasb etib, izchil rivojlanib bormoqda

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2014 yilning avgust oyida Xitoyga davlat tashrifi ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga ko'tardi. Mazkur tashrif doirasida umumiy qiymati 5,2 milliard AQSh dollariga teng loyihalar bo'yicha yigirmadan ziyod hujjat, shuningdek, 800 million dollar miqdorida savdo shartnomalari imzolangani va shu tariqa jami 6 milliard dollarlik kelishuvga erishilgani o'zaro hamkorlik ko'lami yanada kengayib borayotganidan dalolat beradi. 

Mamlakatlarimiz o'rtasida munosabatlar Strategik sheriklik o'rnatish to'g'risidagi qo'shma deklaratsiya, Do'stlik va hamkorlik to'g'risidagi shartnoma, Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo'shma deklaratsiya hamda boshqa ko'plab ikki tomonlama muhim hujjatlar asosida izchil rivojlanib borayotir. Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar aloqalarni kengaytirish, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash ikki tomonlama munosabatlarda ustuvor o'rin tutadi. 

O'zbekiston ham, Xitoy ham ulkan iqtisodiy salohiyatga ega davlatlardir. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yuksak samaralar bermoqda. Hamkorlikni rivojlantirishdan katta manfaatdorlik tufayli o'zaro tovar ayirboshlash hajmi ham jadal sur'atlar bilan o'smoqda. O'zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida qariyb besh yuz qo'shma korxona tashkil etilgan. Mamlakatimizda Xitoyning yetmishdan ziyod yetakchi kompaniyalari vakolatxonasi faoliyat yuritayotir. 

Investitsiyaviy hamkorlik ko'lami muntazam kengaymoqda. Xitoylik ko'plab ishbilarmonlar O'zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirmoqda, mamlakatimizga investitsiya kiritib, qo'shma korxonalar tashkil etayotir. Bugun Xitoy O'zbekiston bozoridagi eng yirik investorlardan bo'lib, mamlakatimiz bilan tashqi savdo munosabatlarida ikkinchi o'rinda turadi. 

Bugungi kunda mamlakatlarimiz yuqori texnologiyalar sohasidagi turli loyihalarni amalga oshirishda o'zaro faol hamkorlik qilib kelayotir. Xususan, 2013 yilda “Jizzax” maxsus industrial zonasi shaklida O'zbekiston-Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parki tashkil etildi. Bu yerda mobil telefonlar, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. “Jizzax” maxsus industrial zonasida Xitoy kompaniyalarining qiymati ellik million dollardan ziyod to'g'ridan-to'g'ri sarmoyasi ishtirokida o'n beshdan ortiq qo'shma loyiha amalga oshirilmoqda. Bu mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik samaradorligining yorqin tasdig'idir. 

Yoqilg'i-energetika kompleksida ham Xitoy bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Markaziy Osiyo – XXR gaz quvurining to'rtta tarmog'i ham mamlakatimiz hududidan o'tishi yuksak darajadagi ishonch va o'zaro manfaatdorlikdan dalolat beradi. Xitoy kompaniyalari O'zbekistondagi uglevodorod konlarini o'rganish va ularni o'zlashtirish jarayonida faol qatnashmoqda. 

O'zaro hamkorlikda mamlakatlarimizni bog'lovchi temir yo'l tarmog'i barpo etilmoqda. Bu yo'l O'zbekistonning Xitoy va Sharqiy Osiyo davlatlariga, Xitoyning Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlariga chiqishini ta'minlaydi. 

O'zbekiston va Xitoy munosabatlari davlatlarimiz uchun mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta'minlash borasida o'ziga xos platforma bo'lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) doirasida ham jadal rivojlanib bormoqda. 

Madaniy-gumanitar sohadagi o'zaro munosabatlar ham muhim ahamiyatga ega. Markaziy Osiyoda dastlabki Konfutsiy institutining aynan Toshkentda tashkil etilgani ta'lim sohasida ham o'zaro hamkorligimiz izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi. 2010 yilning iyun oyida Xitoy millatlar markaziy universitetida o'zbek tili bo'limi ochildi. 2012-2013 o'quv yilidan boshlab Pekin chet tillar universitetida o'zbek tili o'qitilishi yo'lga qo'yildi. O'zbekistonda xitoy tili, adabiyoti, Xitoyda esa o'zbek tili, madaniyati, urf-odatlari va umuman, mamlakatimizga nisbatan katta qiziqish bildirilmoqda. 

Ikki mamlakatning madaniyat va san'at vakillari o'rtasida samarali va faol munosabatlar yo'lga qo'yilgan. Xitoylik san'atkorlar Samarqand shahrida o'tkaziladigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, ikki mamlakat madaniyat arboblari O'zbekiston va Xitoyda o'tkaziladigan turli ko'rgazma va madaniy anjumanlarning faol qatnashchilaridir. “O'zbekiston – Xitoy” va “Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo mamlakatlari” do'stlik jamiyatlari madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Mamlakatlarimiz o'rtasida sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizning sayyohlik salohiyati Xitoyda o'tadigan xalqaro turizm yarmarkalarida muntazam namoyish etiladi. Toshkent va Shanxay, Samarqand va Sian, Navoiy va Chjuchjou shaharlari, Toshkent viloyati va Xunan provintsiyasi, Samarqand viloyati va Shensi provintsiyasi o'rtasida birodarlik aloqalari o'rnatilganini qayd etish joiz. 

O'zaro aloqalar rivojlanib borgani sari axborot almashinuviga bo'lgan talab ham ortadi. Shu bois O'zbekiston va Xitoyning ommaviy axborot vositalari vakillari o'rtasidagi o'zaro axborot va tajriba almashuvini yanada faollashtirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Yaqinda o'zbekistonlik bir guruh jurnalistlar Xitoyning Pekin va Sindao shaharlarida bo'lib, u yerda bosma va internet nashrlari hamda teleradiokanallar faoliyati, ushbu sohada kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish borasidagi ishlar bilan tanishdi. 

O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasidagi aloqalar bundan buyon ham o'zaro ishonch, hurmat, tenglik va manfaatdorlik, strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanib, xalqlarimiz o'rtasidagi do'stona rishtalar yanada mustahkamlanib boraveradi. 

Iroda Umarova, O'zA