Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

O'zA: “O‘zkimyosanoat” – KOICA: loyiha doirasida master-plan muhokama qilindi

// 10 July 2025 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (41.07 KB)

Toshkent shahrida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda kimyoviy texnologiyalar markazi salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida master-planning jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “O‘zkimyosanoat” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalar, davlat boshqaruv organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.  

Jamoatchilik eshituvida loyiha mamlakatimiz kimyo sanoatini transformatsiya qilish, uning ilmiy-texnikaviy salohiyatini oshirish va sohani zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbus ekani ta’kidlandi.  

Loyiha doirasida mamlakatimizda 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, eng zamonaviy texnologik uskunalarni o‘rnatish va xalqaro texnologiyalarni transfer qilish hamda eksport salohiyatini oshirish maqsad qilingan.  

Shuningdek, loyiha doirasida Koreya Respublikasiga 10 nafar doktorantura va 12 nafar magistratura darajasidagi mutaxassislarni yuborish ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda 7 nafar doktorant va 11 nafar magistrant Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.  

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, Kimyoviy texnologiyalar markazi ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini birlashtirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qilishi, shu orqali esa O‘zbekiston kimyo sanoatining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga ko‘maklashishi ko‘zda tutilgan.  

Tadbir ishtirokchilari KOICA va Koreya kimyoviy texnologiyalar instituti (KRICT) bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni ijobiy baholadi. Ularning fikricha, ushbu loyiha nafaqat ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish sohalarida, balki kadrlar tayyorlash, texnologiyalar transferi va investitsiya muhitini yaxshilashda ham katta imkoniyatlar yaratadi.  

N.Ziyodullayeva, O‘zA