Shuningdek, tadbir davomida “O‘zkimyosanoat” AJning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borayotgan ishlari, ichki nazorat tizimi, xavflarni baholash mexanizmlari, xodimlar uchun o‘tkaziladigan o‘quv-seminarlar va profilaktik chora-tadbirlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Korrupsiyaning salbiy oqibatlari, uning davlat tizimi, iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy hayotga yetkazadigan zarari haqida misollar bilan tushuntirildi.
Ta’kidlanganidek, 2024 yil natijalariga ko‘ra jamiyat tomonidan amalga oshirilgan korrupsiyaga qarshi kurashish va faoliyatda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash ishlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va jamoatchilik tomonidan ijobiy baholangan. Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi bo‘yicha reytingda “O‘zkimyosanoat” AJ faoliyati ijobiy baholanib, “ko‘k” ko‘rsatkichni, "Ochiqlik indeksi” bo‘yicha esa “yashil” ko‘rsatkichni qayd etgan. Bu esa jamiyatda tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganini va tuzilmaning ochiqlikka intilishini yana bir bor tasdiqlaydi.
– Joriy yilda “O‘zkimyosanoat” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar - “Maksam-Chirchiq” AJ va “O‘zkimyoimpeks” MCHJlar “CERT International” akademiyasi tomonidan qayta auditdan o‘tkazilib, ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatiga munosib deb topildi. Bu yangilik jamiyatda korrupsiyaga qarshi samarali va tizimli ishlar olib borilayotganini, xalqaro standartlarga mutlaqo moslik ta’minlanayotganini yaqqol namoyon qiladi. Tadbir ishtirokchilari korrupsiyaning nafaqat davlat taraqqiyoti, balki har bir fuqaro xavfsizligi, jamoadagi psixologik muhit va mehnat intizomiga qanday ta’sir qilayotganini batafsil o‘rgandi. Mutaxassislar har bir xodimning mas’uliyati, korrupsiyaning oldini olishning ahamiyati va jamiyatda halollik tamoyillarini mustahkamlash zarurligiga alohida e’tibor qaratdi, – dedi jamiyat Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasi boshlig‘i Murod Mavlonov.