Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

Barcha harakatlarimiz aholini ish bilan ta'minlash, iqtisodiyotimizni rivojlantirishga qaratilgan

// 13 March 2019 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (50.42 KB)

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 12 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi. 

Davlatimiz rahbari barcha hududlar kabi Navoiy viloyatiga ham bir necha bor tashrif buyurib, iqtisodiyot tarmoqlarini kengaytirish, aholi farovonligini oshirish masalasiga doimiy e'tibor qaratib kelmoqda. 2017 va 2018 yillardagi tashriflar chog'ida belgilangan chora-tadbirlar natijasida viloyatda keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. 

Prezidentimiz "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyatiga  bordi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o'rin tutuvchi ushbu korxonada uchta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Shavkat Mirziyoev 2018 yilda mazkur korxonada bo'lib, bu yerda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishgan va ularni o'z vaqtida, sifatli yakunlash bo'yicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan edi.

Ma'lumki, “Navoiyazot” korxonasi 1964 yilda ishga tushirilgan. Bu yerda qishloq xo'jaligi, neft-gaz tarmog'i, energetika va tog'-kon sanoati ehtiyoji uchun 70 dan ortiq turdagimahsulot ishlab chiqariladi. Vaqt o'tishi bilan texnologik uskuna hamda qurilmalar jismonan va ma'nan eskirdi, ko'p miqdorda elektr energiyasi va boshqa tabiiy resurslarni sarf qilish evaziga mahsulot ishlab chiqarib kelinayotgan edi. Shu bois, korxonada bosqichma-bosqich modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. 

Hozirgi kunda jamiyat hududida uchta yirik investitsiya loyihasi – Polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol, Ammiak va karbamid hamda Azot kislotasi ishlab chiqarish korxonalari qurilishi qizg'in davom etmoqda. Bunyod etilayotgan ushbu korxonalarga zamonaviy, tejamkor texnologik uskunalar o'rnatiladi.

Polivinilxlorid elektr o'tkazgich va kabellarni izolyatsiya qilish, listlar, quvurlar ishlab chiqarishda qo'llaniladi. Shuningdek, kiyim va aksessuarlar ishlab chiqarishda undan keng foydalaniladi. Yuviladigan gulqog'ozlar namiqmasligi uchun PVXdan tayyorlangan plyonka bilan qoplanadi. Bu mahsulot boshqa ko'plab sohalarda ham qo'llaniladi. 

Davlatimiz rahbari ushbu yangi ob'ektlardagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, quruvchilar, xorijlik investorlar bilan muloqot qildi.

Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 500 million AQSh dollaridan oshadi. Qurilishni Xitoyning “China CAMC Engineering CO. LTD” va "HQC (Shanghai)" kompaniyalari konsortsiumi hamda yurtimiz mutaxassislari amalga oshirmoqda.

Korxona foydalanishga topshirilgach, yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol tayyorlanadi. 900 dan ortiq yangi ish o'rni yaratiladi. Mahsulotning 50 foizdan ortig'i eksport qilinadi. Korxonani joriy yilning sentabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatining mavjud energiya sarfi yuqori bo'lgan ammiak ishlab chiqarish 1-2-navbatlari ekspluatatsiyadan chiqarilmoqda. Xususan, ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo'yicha umumiy qiymati 985 million dollardan ziyod bo'lgan loyiha amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangach, bu yerda yiliga 660 ming tonna ammiak, shuningdek, 577,5 ming tonna karbamid olish, ulardan tayyorlanadigan mineral o'g'itlar turini oshirish imkoniyati paydo bo'ladi. 500 ga yaqin ish o'rni yaratiladi. 

Yaponiyalik hamkorlar – “Mitsubishi Heavy Industries, Ltd” va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari bilan birgalikda barpo etilayotgan majmuani 2020 yilda foydalanishga topshirish ko'zda tutilgan.

Aksiyadorlikdorlik jamiyatining azot ishlab chiqarish bo'yicha eski 1-2- navbatlari ham ekspluatatsiyadan chiqarilmoqda. Ya'ni bu yerdajoriy yil yana bir loyiha – azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishini nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan. 216,6 million AQSh dollariga teng bu ishlab chiqarish ob'ekti Shveytsariyaning “CASALE SA” kompaniyasi tomonidan bunyod etilmoqda. Bu yerda yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash mumkin bo'ladi, 120 dan ortiq yangi ish o'rni yaratiladi.

Bugungi kunda bu yerda o'rnatiladigan zamonaviy uskunalarni boshqarish uchun yurtimizdagi oliy ta'lim muassasalarida muhandis-texnolog, mexanik, energetik, iqtisodchi va dasturchilar tayyorlanyapti. Mutaxassislar mamlakatimiz va xorijdagi korxonalarda malaka oshirmoqda.

Prezidentimiz zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalar bilan jihozlanadigan majmualarda mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, tannarxini tushirish, raqobatbardoshlikni ta'minlash muhim omil bo'lishini qayd etdi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, bu kabi zamonaviy korxonalarni barpo etishga nafaqat mintaqa mamlakatlari, balki uncha-muncha rivojlangan davlatlar ham jur'at etolmaydi. Barpo etilayotgan ushbu korxonalar ko'plab ish o'rni yaratilishi bilan birga, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Navoiy viloyatida mamlakatimiz ehtiyoji uchun juda muhim bo'lgan yirik korxonalar bunyod etayapmiz. Eng zamonaviy uskunalar o'rnatiladigan bu korxonalarda ishlaydigan kadrlar ham shunga munosib bo'lishi kerak. Buning uchun mamlakatimizda jahon talablariga javob beradigan malakali mutaxassislar tayyorlashning izchil tizimini yo'lga qo'yish, yoshlarni xorijda o'qitish kerak, dedi Shavkat Mirziyoev.

Shu yerda Navoiy viloyatida mamlakatimizning Amerika Qo'shma Shtatlari, Birlashgan Arab Amirliklari va Ukrainadagi elchixonalari ko'magida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o'tkazildi. Prezidentga viloyatda sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va boshqa tarmoqlarda bajarilishi ko'zda tutilgan loyihalar haqida ham ma'lumot berildi.

Manba: O'zA