Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

Ona tilining jozibasi

Chaqaloqlar hamma yerda bir xil yigʻlaydi, ammo ularga har xil alla aytiladi deyishadi. Haq gap! Butun tabiatda – hayvonotda, nabototda xilma-xillikni, betakrorlikni koʻrishimiz mumkin. Ammo butun yer yuzidagi barcha insonlar koʻrinish jihatdan deyarli bir xil. Ularni bir-biridan farqlashga xizmat qiladigan asosiy jihat – bu ularning turli tillarda soʻzlashishidir. Misol uchun, xitoyliklar, yaponlar, koreyslarni tashqi koʻrinishiga qarab farqlash qiyindir, ammo ularning soʻzlashishini eshitib, qaysi millat vakili ekanligini bilib olish mumkin. Ona tili – bu har bir millatning millat sifatida namoyon boʻlishini belgilaydigan asosiy omildir. Tilidan ayrilgan millatda boshqa hech narsa qolmaydi. Mana shuning uchun ham jonkuyar ota-bobolarimiz til birligi va sofligi uchun kurash olib borganlar, butun hayotlarini bagʻishlaganlar.

Ona tilining jozibasi turli adabiy asarlarda, xalq ogʻzaki ijodida toʻla namoyon boʻlishi bor gap! Tilning butun kuch-qudratini namoyon qilishda, uni butun dunyoga tarannum etishda ulkan soʻz sanʼatkorlari – shoir va yozuvchilarning ijodi beqiyos oʻrin tutadi. Meni har safar xayratlantiradigan jihat ona tilimizning oʻta boyligi va goʻzalligidir. Misol tariqasida Hazrat Navoiyning mana bu baytini olaylik:

El ichra oʻtirmoq yuqoriroqdin,

El ichra oʻtirmoq yuqoriroq, bil.

Koʻrib turganingizdek, birgina tovush almashishi natijasida mutlaqo yangi va oʻzgacha maʼno hosil boʻlmoqda. Qizigʻi, bu kabi misollarni minglab topish mumkin.

Butun hayot yoʻli, yozgan asarlari, betakror gʻazallari turkiy tilning bebaholigini koʻp marta isbot qilib bergan bobomizning “Muhokamat-ul lugʻatayn” nomli ikki til muhokamasiga bagʻishlangan asarining yozilishi ham hech qanday bahslarga oʻrin qoldirmaydigan muhim manba hisoblanadi. Ushbu asarni qoʻlimga olganimda ona tilimga hurmatim yanada oshgan. Birgina “yigʻlamoq” feʼlining har xil darajalari borligini koʻrib taajjublanganman. ”Iglanmoq”, “igranmak”, “singramoq”, “ingranmoq” va hоkozo. Dunyo tili sifatida eʼtirof etiladigan ingliz tilida esa birgina “to cry ” soʻzi yigʻlash maʼnosini beradi.

Har qanday til, u qanchalik goʻzal boʻlmasin, xalqaro maydonda munosib oʻrin egallashi, obro-eʼtibori va uning yashab qolishi, albatta shu tilda soʻzlashadigan millat vakillariga bogʻliq. Tilning bahaybat kitoblarda savlat toʻkib turishi uni oʻlik tilga aylanishdan saqlab qololmaydi. Ha! Dunyoda oʻlik tillar ham bor. Bu tillarda hech kim miriqib suhbat qurmaydi, dil izhori qilmaydi. Bu qanday achinarli holat. Ammo bir muddat хotirjamlikka berilish, oʻz ona tilini sevmaslik va hurmat qilmaslik, uni rivojlantirmaslik tilni shu holga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham Dogʻistonning buyuk shoiri Rasul Hamzatov kuyunchaklik bilan shunday yozgan boʻlsa kerak:

Agar ona tilim erta yoʻqolsa,

          Men bugun oʻlishga boʻlurman rizo.

Bugun ona tilimizning qadrini yanada oshirish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoni qabul qilindi. Shu bilan birgalikda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi oʻzbek tilining qaddi yanada koʻtarilishiga sabab boʻlmoqda. Bu kabi islohotlar ona tilimizning rivojlanishi uchun, albatta, oʻz hissasini qoʻshadi. Ammo har birimiz oʻz ona tilimizga hurmat bilan qarasak, uni bor goʻzalligi, latofati bilan avlodlarga yetkiza olsak, shundagini oʻzbek tili asrlar davomida yashab qoladi. Turli sohadagi ixtirolar, xalqaro doiralarda qiziqish uygʻotadigan dasturlar, qurilmalar yaratish ham oʻzbek tilining jahonga boʻy choʻzishiga xizmat qiladi. Momolarimiz, bobolarimiz soʻzlashgan til qanchalar goʻzal va mukammal. Mana shu tilning goʻzalligini va mukammalligini, eng afzal ekanligini his qilish har birimizga nasib qilsin!

Kumush Abdusalomova