Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

O'zbekiston Respublikasida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida

Mineral o'g'itlarni sotishning bozor mexanizmlarini joriy etish, kimyo sanoati korxonalarining qarzdorliklarini restrukturizatsiya qilish yuzasidan ko'rilgan choralar ularni moliyaviy sog'lomlashtirishga va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirishga imkon berdi.

Shu bilan birga, kimyo tarmog'ini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishning mavjud quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish uchun investitsiyalarni jalb qilish hamda eksport hajmini kengaytirishga to'sqinlik qilayotgan tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

Xususan, investitsiyaviy jozibadorlikning pastligi va tarmoqni rivojlantirish uchun o'z mablag'larining yetarli emasligi xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash bo'yicha ilg'or texnologiyalarni joriy qilish imkonini bermayapti, buning oqibatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotda mineral o'g'itlar ulushining yuqoriligi saqlanib qolmoqda.

Kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida jahon kimyo sanoati rivojlanishining tendentsiyalarini va respublikaning muhim xomashyo salohiyatini hisobga oluvchi fundamental ilmiy baza va zamonaviy loyiha-injiniring ishlanmalari mavjud emas.

Kimyo tarmog'ini yanada diversifikatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo'lgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish uchun to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarni jalb qilish, yetakchi xorijiy institutlarni jalb qilgan holda zamonaviy ilmiy va loyiha bazasini yaratish, shuningdek, "O'zkimyosanoat" AJ korxonalarining moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida:

1. Respublika kimyo tarmog'ini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilishning asosiy yo'nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

  • uglevodorod xomashyosini va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash asosida iqtisodiyot tarmoqlarida va jahon bozorida talab katta bo'lgan, yuqori qo'shilgan qiymatli kimyo mahsulotlari nomenklaturasini kengaytirish;
  • respublikaning mineral o'g'itlarga bo'lgan talabini qondirish va eksport salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va faoliyat yuritayotganlarini modernizatsiya qilish;
  • kimyo sanoati korxonalarining ustav kapitalida davlat ishtirokini qisqartirish, tarmoqqa to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarni jalb qilish, tarmoq korxonalari va tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish orqali bazaviy mahsulotlarni qayta ishlashni chuqurlashtirish;
  • fanni va sohaviy ilmiy tadqiqotlarni faol rivojlantirish, shuningdek, birinchi navbatda, uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlashga qaratilgan ilg'or ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga integratsiya qilish;
  • loyiha-injiniring ishlari va diagnostika tadqiqotlari sifatini oshirish, kimyo va kimyo texnologiyalarining barcha yo'nalishlari bo'yicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimini tashkil etish.

2. 2018-2030 yillarda kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni 4,5 barobarga, shu jumladan, mineral o'g'itlarni - 2 barobarga (1,2 million tonnadan 2,4 million tonnagacha), mahsulotlar eksportini - 4 barobarga oshirish, shuningdek, organik kimyo mahsulotlari ulushini 7 foizdan 54 foizgacha yetkazish orqali tarmoqni diversifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi "O'zkimyosanoat" AJ faoliyatida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, bazaviy mahsulotlarni qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish, mavjud aktivlardan oqilona foydalanish va boshqarishning zamonaviy usullarini joriy qilishning asosiy yo'nalishlarini amalga oshirish bo'yicha "Yo'l xaritasi" 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, unga ko'ra:

a) qisqa muddatda (2018-2020 yillarda):

  • "Ammofos-Maksam" AJda mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish hisobiga fosforli o'g'itlar ishlab chiqarish hajmini 20,0 ming tonnaga oshirish (100 foiz sof holda);
  • "Navoiyazot" AJda yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol;
  • "Navoiyazot" AJda yiliga 500 ming tonna azot kislotasi;
  • "Navoiyazot" AJda yiliga 660 ming tonna ammiak, 577,5 ming tonna karbamid;
  • "Farg'onaazot" AJda to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda yiliga 7,8 million dona zamonaviy polimer oboylar;
  • "Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish" investitsiyaviy loyihasi (II bosqich) doirasida tog'-kon majmuasi loyiha hajmlarida ishlab chiqarishni tashkil qilish;

b) kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, mineral o'g'itlar va o'simliklarni himoya qilish kimyoviy vositalarini ishlab chiqarishni oshirish, organik kimyo, shu jumladan, polimer mahsulotlar, sintetik tolalar, rezinotexnika va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga yo'naltirilgan o'rta va uzoq muddatlarda istiqbolli investitsion loyihalarni amalga oshirish (2030 yilgacha).

Bunda mavjud ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va kengaytirish hamda yangi qayta ishlash quvvatlarini yaratishga qaratilgan, dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra 4,8 milliard AQSh dollariga teng 29 ta investitsiyaviy loyihalar asosan to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda amalga oshiriladi.

3. Investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida "O'zkimyosanoat" AJ quyidagilarni ta'minlasin:

  • "Farg'onaazot" AJ va "Qo'qon superfosfat zavodi" AJni xorijiy investorlarga sotish maqsadida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, kengaytirish va diversifikatsiya qilish bo'yicha 2018 yil 30 dekabrga qadar ushbu jamiyatlarning aktivlarini mustaqil baholashni yakunlash;
  • Sirdaryo viloyati Yangier shahrida ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodini qurish bo'yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun, keyinchalik "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi" DUKda kompleks ekspertiza qilish sharti bilan, kimyo sohasida tajribaga ega xorijiy kompaniya bilan istisno tariqasida to'g'ridan-to'g'ri muzokaralar asosida shartnoma tuzish;
  • Navoiy viloyatida fosforli o'g'itlar ishlab chiqarish kompleksini qurish bo'yicha 2019 yil avgust oyiga qadar O'zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi va Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi bilan birgalikda xorijiy tashkilot tomonidan fosforli xomashyo maydonini baholash (ekspertizadan o'tkazish) asosida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish kontseptsiyasini ishlab chiqish.

4. O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi Iqtisodiyot vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi (keyingi o'rinlarda - Jamg'arma) va "O'zkimyosanoat" AJ bilan birgalikda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish natijalariga ko'ra, "Yo'l xaritasi"da ko'rsatilgan istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishning aniq manbalarini belgilasin.

Bunda kimyo sohasida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, yangi qayta ishlash quvvatlarini yaratishga qaratilgan yangi investitsiyaviy loyihalar asosan to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarni jalb qilish hisobiga amalga oshirilishi belgilansin.

5. Xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda tarmoq korxonalarining investitsiyaviy jozibadorligini va mineral o'g'itlar ishlab chiqarishda energiya tejamkorlikni oshirish bo'yicha ishlar amalga oshirilayotgani ma'lumot uchun qabul qilinsin.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 15 apreliga qadar xalqaro konsalting kompaniyalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda, kimyo sanoati tizimini isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo'yicha taklif kiritsin.

6. Quyidagilar:

  • O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripovga - "Yo'l xaritasi"da belgilangan tadbirlar o'z vaqtida va to'liq amalga oshirilishini qat'iy nazorat qilish;
  • O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.S. Sultonovga - kimyo tarmog'i ob'ektlarini o'z vaqtida ishga tushirish hamda "Yo'l xaritasi"da belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha vazirliklar va idoralarning ishlarini muvofiqlashtirish;
  • O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi raisi S.R. Xolmurodovga - xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari mablag'larini jalb etish hamda salohiyatli investorlarni topish va kimyo tarmog'iga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
  • "O'zkimyosanoat" AJ boshqaruvi raisi A.A. Abdullaevga - jalb etiladigan mablag'larni o'z vaqtida o'zlashtirish hamda investitsiyaviy loyihalar doirasida ob'ektlar qurilishining yakunlanishini ta'minlash va ularning qat'iy belgilangan muddatlarda loyiha quvvatlariga chiqishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

7. O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi, "O'zkimyosanoat" AJning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

  • "Samarqandkimyo" AJ, "Elektrkimyozavod" QK AJ va "Jizzax plastmassa" AJning ustav kapitalidagi davlat ulushi va "O'zkimyosanoat" AJ ulushini, shuningdek, "Farg'onaazot" AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini, shu jumladan, investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan, xususiy investorlarga bozor qiymatida sotish;
  • "O'zkimyosanoatloyiha" AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini nominal qiymatda va "Navoiy KMK" DKning Qizilqum fosforit kombinati mulk kompleksini qoldiq balans qiymatida "O'zkimyosanoat" AJ ustav kapitaliga davlat ulushi sifatida kiritish;
  • "Farg'onaazot" AJning 3-son sanoat maydonchasidagi umumiy maydoni 6,5 gektar bo'lgan foydalanilmayotgan ob'ektlarni (tsexlar, ob'ektlar va ularga tutash hududlari bilan) investitsiya majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan "nol" qiymatida sotish;
  • investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan kaprolaktam ishlab chiqarish chiqindilarini utilizatsiya qilish va qayta ishlash uchun beg'araz topshirish yuzasidan patentlangan texnologiyaga ega bo'lgan "ECO TECH GROUP" QK MChJ bilan investitsiya kelishuvini tuzish;
  • 2020 yildan boshlab "O'zkimyosanoat" AJ tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan yillik moliyaviy hisobotlarni e'lon qilish va ularni Xalqaro audit standartlari va Xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlariga muvofiqligi yuzasidan tashqi auditdan o'tkazish tartibini joriy etish;
  • 2021 yilga qadar xalqaro tajribaga asoslanib investitsiya va ishlab chiqarish jarayonlarini, moddiy va moliyaviy resurslarni boshqarish bo'yicha axborot tizimlarini, samaradorlikni oshirish ko'rsatkichlarini qo'llagan holda xodimlar mehnatini rag'batlantirishning zamonaviy usullarini joriy etish.

8. O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasiga va qayta moliyalovchi tijorat banklariga kimyo sanoatida yangi investitsiyaviy loyihalarni tayyorlash maqsadida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun "O'zkimyosanoat" AJ va uning tarkibiga kiruvchi xo'jalik jamiyatlariga kreditlar ajratishga ruxsat berilsin.

Belgilansinki:

  • yangi investitsiya loyihalarini tayyorlash uchun kreditlar Jamg'arma tomonidan shartnomada belgilangan, biroq 5 million AQSh dollari ekvivalentidan ko'p bo'lmagan miqdorda ajratiladi;
  • xorijiy investorlar bilan hamkorlikda moliyalashtiriladigan yangi investitsiyaviy loyihalarni tayyorlash uchun Jamg'arma tomonidan ajratiladigan kredit miqdori 10 million AQSh dollari ekvivalentigacha ko'paytirilishi mumkin;
  • Jamg'arma mablag'larini ajratishga tarmoq ilmiy-texnika kengashi bilan kelishilgan texnik vazifa, "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi" DUKda ekspertizadan o'tkazilgan loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash va tadqiqot ishlarini bajarish bo'yicha tuzilgan shartnoma asos bo'ladi;
  • ushbu bandga asosan Jamg'arma kreditlarini ajratish O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
  • Jamg'arma kreditlari xizmat ko'rsatuvchi banklar orqali qayta moliyalashtiriladi va qayta moliyalovchi bankning yillik 0,25 foiz miqdoridagi marjasi qo'shilgan holda, loyihani ishga tushirish davriga qadar, jumladan, 3 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, umumiy yillik foiz stavkasi 2,25 foiz miqdorida 5 yil muddatga ajratiladi;
  • kreditlar va ular bo'yicha barcha xarajatlar texnik-iqtisodiy asos tasdiqlanishi jarayonida loyihalar qiymatiga kiritiladi va ularning qaytarilishi loyihalar amalga oshirilganidan keyin, ob'ektlar ishga tushirilganidan so'ng olingan daromadlar va loyiha hujjatlarini investorlarga sotishdan tushgan Jamg'arma mablag'lari hamda qarz oluvchining umumxo'jalik faoliyatidan olingan daromadlar yoki "O'zkimyosanoat" AJ mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi.

9. "O'zkimyosanoat" AJ, O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi va Iqtisodiyot vazirligining Koreya kimyo- texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) bilan hamkorlikda "Toshkent kimyo texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti" MChJ va "O'zkimyosanoatloyiha" AJ negizida - Ilmiy-tadqiqot va loyihalash instituti - Kimyo texnologiyalari markazi (keyingi o'rinlarda - Markaz)ni tashkil etish to'g'risidagi taklifiga rozilik berilsin.

O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi, "O'zkimyosanoat" AJ va O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Markaz faoliyatini tashkil qilish uchun EDCF (Koreya Respublikasi) liniyasi bo'yicha Eksimbankning 50 million AQSh dollari miqdoridagi kredit va grant mablag'larini jalb etishni ta'minlasin.

"O'zkimyosanoat" AJ O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Markaz faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish manbalarini aniqlash bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi "O'zkimyosanoat" AJ va uning tarkibiga kiruvchi xo'jalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat ulushi bo'yicha 2019-2021 yillar yakunlariga ko'ra hisoblanadigan dividendlar investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, shu jumladan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb etilgan kredit va qarzlarni to'lashga yo'naltirish sharti bilan kapitalizatsiya qilinsin (O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga yo'naltiriladigan 30 foiz miqdoridagi dividendlar bundan mustasno).

11. Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Jamg'arma, tijorat banklari va "O'zkimyosanoat" AJning "O'zkimyosanoat" AJ va uning tarkibidagi korxonalarning Jamg'arma va O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining kreditlari bo'yicha majburiyatlarini 2-ilovaga muvofiq restrukturizatsiya qilish to'g'risidagi takliflariga rozilik berilsin.

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi "O'zkimyosanoat" AJ korxonalarining majburiyatlari bo'yicha oldin berilgan davlat kafolatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirishlar kiritsin.

12. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining va O'zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilsin.

13. "O'zkimyosanoat" AJ bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari A.S. Sultonov zimmasiga yuklansin.

Sh. Mirziyoev

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Qarorning to'liq matni