"O'zkimyosanoat" AJ

“O‘ZKIMYOSANOAT” AJ BOSHQARUVI RAISI YoSHLAR YETAKCHILARI BILAN UCHRASHDI

// 07 May 2022 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/yoshlar-yetakchilari-bilan-uchrashuv

“O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi yoshlar yetakchilari bilan uchrashdi. Unda jamiyat tizimidagi korxonalar rahbarlari ham onlayn tarzda ishtirok etishdi. Kun tartibidagi  asosiy masala yoshlar yetakchilari faoliyatini yana-da samarali tashkil etish, rivojlantirish va jamiyat tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratishdan iborat bo‘ldi.  Uchrashuv davomida Yoshlar ilmiy-texnik kengashi har chorakda bir marotaba o‘tkazilishi belgilandi, qolaversa, iyun oyi, yaʼni “Yoshlar oyligi” doirasida D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiyalari universitetining Toshkent shahridagi filialida “O‘zkimyosanoat yoshlari forumi”ni tashkillashtirish ish-rejaga kiritildi.

Boshqaruv raisi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilayotkan ko‘chatlarni parvarish qilish uchun yoshlar yetakchilari masʼuliyatni o‘z qo‘llariga olishlari yaxshi natija berishi borasidagi taklif ilgari surildi. Shu bilan birga, uchrashuvda faol yoshlarning sohani rivojlantirish, yosh kadrlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, sport tadbirlarini muntazam tashkil etish, o‘z yo‘nalishida namunali faoliyat yuritayotgan va yutuqlarga erishayotgan yoshlarni munosib rag‘batlantirish borasidagi va boshqa muhim takliflari tinglandi va bu boradagi takliflar jamiyat boshqaruvi raisi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

“O`zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati