"O'zkimyosanoat" AJ

Yevropa Ittifoqida kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2026-yilning I choragida 3,2 foizga qisqardi.

// 26 June 2026 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/yevropa-ittifoqida-kimyo-mahsulotlari-ishlab-chiqarish-hajmi

Cefic maʼlumotlariga koʻra, hozirda tarmoq tiklanish bosqichida emas, balki beqaror rivojlanish davrini boshdan kechirmoqda.Yil boshida sanoat ishlab chiqarishida ozgina oʻsish kuzatilganiga qaramay, Yevropa kimyo sanoati ishlab chiqarish bazasining yanada qisqarishi xavfi saqlanib qolmoqda.

Ishlab chiqarish hajmining pasayishi koʻplab segmentlarda qayd etildi. Jumladan, asosiy organik moddalar ishlab chiqarish 12,7 foizga, polimerlar 9,2 foizga, boʻyoqlar va pigmentlar 8,0 foizga, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari 4,7 foizga qisqardi. Shu bilan birga, boshqa turdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish 2,2 foizga, kosmetika mahsulotlari esa 1,3 foizga oshdi. Yevropa kimyo sanoatidagi pasayishning asosiy omillari sifatida talabning sustligi, ishlab chiqarish quvvatlarining qisqarishi, jahon bozorida raqobatning kuchayishi hamda energiya resurslari narxining yuqoriligi qayd etilmoqda.

Hisobotda ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi ham pastligi qayd etilgan. Ayni paytda ushbu koʻrsatkich taxminan 74 foizni tashkil etib, uzoq yillik oʻrtacha darajadan ham, Yevropa Ittifoqi boʻyicha umumiy sanoat koʻrsatkichidan ham past hisoblanadi.

Shu bilan birga, Yevropa kimyo mahsulotlari eksporti 4,6 mlrd yevroga (12,4 foiz), importi esa 4,8 mlrd yevroga (15,7 foiz) qisqargan.

Qayd etilishicha, Yevropa kimyo sanoatiga kiritilgan investitsiyalar ham keskin kamaygan. Xususan, 2022–2025-yillar davomida sohaga yoʻnaltirilgan investitsiyalar 80 foizga qisqarib, 1,5 mlrd yevrogacha tushgan.