"O'zkimyosanoat" AJ

Toshkentda yirik sanoat maydoni: “INNOPROM. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi boshlandi

// 21 April 2026 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/toshkentda-yirik-sanoat-maydoni-innoprom-markaziy-osiyo-ko-r

Toshkent shahrida “INNOPROM. Markaziy Osiyo“  6-xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. 22 aprelga qadar davom etadigan mazkur tadbir Yevroosiyo mintaqasida sanoat hamkorligini kengaytirishga xizmat qilayotgan muhim platformalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Ko‘rgazma doirasida Rossiya, Belarus, Xitoy va Qozog‘istondan 250 ga yaqin kompaniya, shuningdek O‘zbekistondan 100 dan ortiq korxona o‘z innovasion ishlanmalari va texnologik yechimlarini namoyish etmoqda. Ekspozisiyaning umumiy maydoni 18 ming kvadrat metrni tashkil qiladi.

Tadbirda sanoatning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan zamonaviy texnologiyalar taqdim etilmoqda. Ular orasida shahar infratuzilmasini rivojlantirish, transport tizimlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va yuqori texnologiyali sanoat uskunalari alohida o‘rin egallaydi. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning yetakchi tarmoqlaridan biri — “O‘zkimyosanoat“ aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar ham faol ishtirok etmoqda.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida jami 13 ta sessiya tashkil etilgan bo‘lib, ularda sanoat rivojining dolzarb masalalari muhokama qilinmoqda. Jumladan, “yashil” industrializatsiya, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, zamonaviy transport va logistika yechimlari, energetika, farmasevtika hamda kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlar asosiy e’tibor markazida.

Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rgazma davomida 30 dan ortiq mamlakatdan kelgan ishtirokchilar va mutaxassislar Toshkentda jam bo‘lishi kutilmoqda.