Xabar berganimizdek, bugun Xalqaro investisiya forumi o‘z ishini boshladi. Mamlakatimiz investitsiyaviy salohiyatini xalqaro maydonda keng namoyish etish, xorijiy investorlar bilan yangi kelishuvlarga erishish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan mazkur nufuzli tadbir doirasida “Navoiyazot” AJ uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan uch tomonlama bitim imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 dekabrdagi PQ–459-son va 2024 yil 7 fevraldagi PQ–63-son qarorlariga muvofiq “Navoiyazot” AJ negizida “Havoni taqsimlash uskunasini qurish” investisiya loyihasini amalga oshirish belgilangan.
Mazkur loyiha korxonaning mavjud ishlab chiqarish quvvatlari hamda kelgusida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan qo‘shma korxonalarni azot va kislorod bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qiladi.
Loyihani sifatli va qisqa muddatlarda amalga oshirish maqsadida Forum doirasida “Navoiyazot” AJ, “Linde Holdings Netherlands No. 3 B.V.” hamda “Sinoma Energy Conservation International Investment Co., Ltd” kompaniyalari o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi.
Imzolash marosimida “O'zkimyosanoat“ AJ va “Navoiyazot” AJ boshqaruvi raisi o'rinbosarlari, “Sinoma Energy Conservation International Investment” kompaniyasi raisi va vakillari, “Linde Holdings Netherlands No. 3 B.V.” klaster rahbari va boshqa mutaxassislar ishtirok etishdi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida “Navoiyazot” AJning ishlab chiqarish tarmoqlari yanada kengaytirilib, mavjud va istiqboldagi ishlab chiqarish quvvatlarini azot hamda kislorod bilan uzluksiz ta’minlash imkoniyati yaratiladi.