"O'zkimyosanoat" AJ

Sarhisob: atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilarni kamaytirish maqsadida olib borilgan chora-tadbirlar natijasi

// 14 January 2025 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/sarhisob-atrof-muhitni-muhofaza-qilish-va-chiqindilarni-kama

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, xususan, sanoat korxonalarining atrof muhitga taʼsirini kamaytirish orqali ekologik holatni yaxshilash borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida kompleks yondashuv va strategik rejalashtirishning samarali va zamonaviy usullari joriy etilmoqda.

Jamiyat kimyo sanoatini zamonaviylashtirish, rekonstruksiya qilish va texnik qayta jihozlashga yoʻnaltirilgan yagona texnika siyosatni yuritish bilan bir qatorda ishlab chiqarishda  ekologik tozalikni taʼminlash, chiqindisiz  texnologiyalarni va atrof muhitni saqlash dasturlarini joriy etishni maqsad qilgan.

Tarmoqda 2024-yil davomida  umumiy qiymati 34,3 mlrd soʻm qiymatdagi chora-tadbirlar amalga oshirildi. Chang-gaz tozalash uskunalarini taʼmirlash va ularning samaradorligini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish chora-tadbirlari hisobiga atmosferaga 15,6 ming tonna tashlanmani qisqartirishga erishildi. Lokal oqova suv tozalash inshootlarini taʼmirlash hiosobiga 3,3  mln kub metr oqova suvlarini chiqarishning  oldi olinib, 787,6 mln kub metr artezian suvi iqtisod qilindi. Ixtisoslashgan tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish va korxonalarning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda 31,7 ming tonna chiqindining utilizatsiya qilinishiga erishildi.

Bu kabi ishlar joriy yilda ham faol davom ettiriladi. 2025-yilda kimyo korxonalari boʻyicha umumiy qiymati 35,7 mlrd soʻmga teng 91 ta chora-tadbirdan iborat tarmoq dasturi tasdiqlanib, ijrosini taʼminlashga kirishildi.Natijada atmosferaga 17,8 ming tonna tashlanmaning, 224,8  ming kub metr oqova suvi chiqishining oldi olinadi. Shu bilan birga 441,2 ming kub metr artezian suvi iqtisod qilinadi va 32,6 ming tonna chiqindi utilizatsiya qilinadi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ hamda uning tarmoq korxonalari “Yashil makon” umummiliy loyihasi doirasida ham 2024-yilda qator tadbirlarni amalga oshirdi. Xususan, Jamiyat tarmoq korxonalari tomonidan 2024 yil bahor va kuz mavsumlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekiladigan manzarali va mevali daraxt hamda buta koʻchatlari boʻyicha prognoz koʻrsatkichlari (milliy dastur) qabul qilinib, unga koʻra jami 1,2 mln. dona koʻchat oʻtkazish reja qilindi. Oʻtgan yil bahor (mart-aprel) mavsumida tarmoq korxonalarda 167,5 gektar yerga jami 854,5 ming dona manzarali va mevali daraxt hamda buta koʻchatlari ekildi.

2024 yilning kuz mavsumida “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari tomonidan 65,6 gektar yerga 491,4 ming dona manzarali va mevali daraxt hamda buta koʻchatlari oʻtkazildi. Shu jumladan korxonalar atrofida “yashil belbogʻ”lar yaratildi.

Umuman, “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari tomonidan 2024 yilga rejalashtirilgan 1,2 mln. dona manzarali va mevali daraxt hamda buta koʻchatlaridan jami 1,34 mln. dona ekilib, reja 111,67 foizga bajarildi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati