"O'zkimyosanoat" AJ

Ochiq muloqot: yoshlar g‘oyalari va sanoat imkoniyatlari uyg‘unligi

// 02 April 2026 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/ochiq-muloqot-yoshlar-g-oyalari-va-sanoat-imkoniyatlari-uyg-

2026-yil 24-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, muammo va takliflarini bevosita oʻrganish hamda qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan qator muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida bugun “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisining Oʻzkimyosanoat va Yangi Oʻzbekiston Universiteti talabalari bilan ochiq muloqoti tashkil etildi. Uchrashuv samimiy va amaliy ruhda oʻtib, yoshlarning bilim va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi. Muloqot davomida universitet bitiruvchilari, Xitoyda oʻtkazilgan xalqaro GLOBEX 2025 dasturi ishtirokchilari Shaxzodbek Samandarov va Otabek Atabayevlar oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. 

Ular dastur doirasida olgan bilim va koʻnikmalar, shuningdek, xalqaro muhitda orttirilgan tajribaning ahamiyati haqida batafsil taqdimot oʻtkazdilar. Shuningdek, universitetning 2-bosqich talabasi Shohrux Sunnatov kimyo va materialshunoslik muhandisligi yoʻnalishida ishlab chiqilayotgan innovatsion startap loyihasi taqdimotini namoyish etdi. Loyiha zamonaviy texnologiyalar asosida yangi materiallar yaratish va ularni sanoatda qoʻllash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgani bilan eʼtiborga loyiq boʻldi.

Taqdimotlar davomida koʻtarilgan gʻoya va takliflar “Oʻzkimyosanoat” AJ rahbariyati tomonidan yuqori baholandi. Xususan, yoshlarning ilmiy-amaliy izlanishlarga boʻlgan qiziqishi, innovatsion fikrlashi va global tajribalarga intilishi alohida eʼtirof etildi.

Uchrashuvda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning startap tashabbuslarini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, sanoat va taʼlim oʻrtasidagi integratsiyani yanada mustahkamlash masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Tadbir yakunida kimyo yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarga “Oʻzkimyosanoat”AJning esdalik sovgʻalari topshirildi. 

Bunday muloqotlar nafaqat yoshlarni ruhlantiradi, balki ularning gʻoyalarini amaliyotga joriy etish, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasida mustahkam koʻprik yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.