"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJning 2026-yil 1-choragida tannarxni kamaytirish va mahalliylashtirish boʻyicha koʻrsatkichlari

// 23 April 2026 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zkimyosanoat-ajning-2026-yil-1-choragida-tannarxni-kamayti

Joriy yilning birinchi choragida “Oʻzkimyosanoat” AJ korxonalarida mahsulotlar tannarxini pasaytirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirildi.

Xususan, yanvar–mart oylari davomida mahsulotlar tannarxi 194,4 mlrd soʻmga kamaytirildi. Bu koʻrsatkich belgilangan rejaga nisbatan 111,7 foizni tashkil etdi.Erishilgan natijalar qator omillar hisobiga taʼminlandi. Jumladan, energiya resurslarini tejash orqali 24,8 mlrd soʻm iqtisod qilindi. Buning natijasida 8,0 mln kub metr tabiiy gaz hamda 14,9 mln kVt/soat elektr energiyasi tejaldi.

Shuningdek, xomashyo va materiallar xarajatlarini optimallashtirish hisobidan 56,8 mlrd soʻm, texnologik va boshqa yoʻqotishlarni qisqartirish orqali 16,7 mlrd soʻm tejamkorlikka erishildi. Sanoat xodimlari sonini maqbullashtirish 2,8 mlrd soʻm iqtisod qilish imkonini berdi.

Xarid qilish, tashish va saqlash jarayonlarini samarali tashkil etish natijasida 4,0 mlrd soʻm, boshqa turdagi xarajatlarni qisqartirish hisobiga esa 89,3 mlrd soʻm mablagʻ tejaldi. Bundan tashqari, hisobot davrida mahalliylashtirish dasturlari doirasida ham muhim natijalar qayd etildi. Jami 29 ta loyiha asosida 1,54 trln soʻmlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Mazkur koʻrsatkichlar tarmoqda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar hajmini kengaytirish va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.