“Oʻzkimyosanoat” AJda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda
// 28 January 2026 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zkimyosanoat-ajda-ekologiya-va-atrof-muhitni-muhofaza-qili

“Oʻzkimyosanoat” AJda atrof-muhitni muhofaza qilish va atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish maqsadida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Korxonalarda atmosfera havosini doimiy nazorat qilish uchun sanitar postlar va statsionar kuzatish punktlari oʻrnatilib, chang-gaz tozalash uskunalarining samaradorligini oshirish boʻyicha ishlar jadal olib borilmoqda.
- Jumladan, “Navoiyazot” AJning 3, 23 va 25-sexlarida atmosferaga chiqariladigan tashlanmalarni onlayn tahlil qiluvchi 3 ta avtomatik gazanalizator oʻrnatildi. Shuningdek, donadorlash minoralarida chiqindilarni tutib qolish maqsadida bir qator zamonaviy skrubber uskunalari ishga tushirildi.
- Navoiy shahri va Karmana tumanida atmosfera havosining holatini nazorat qilish uchun jami 28 ta statsionar kuzatish punktlari oʻrnatilib, ular viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi bilan integratsiya qilindi.
- Shu bilan birga, “Navoiyazot” AJ va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining situatsion markazi oʻrtasida onlayn maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyildi.
- “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda ham sanitar himoya zonasi, “Beshbuloq” mahallasi va unga tutash hududlarda atmosfera havosini doimiy monitoring qiluvchi sanitar postlar va statsionar kuzatish punktlari oʻrnatilib, ularni milliy geoaxborot tizimiga integratsiya qilish ishlari davom etmoqda.
- Kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida Shveytsariyaning VEMA S.A. kompaniyasi tomonidan “Oʻzkimyosanoat” AJ va tizim korxonalari ekologlari uchun issiqxona gazlari chiqindilarini monitoring qilish va hisoblash boʻyicha onlayn oʻquv kurslari tashkil etildi.
Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Mazkur ishlar “Oʻzkimyosanoat” AJning dekarbonizatsiya, ekologik barqarorlik va milliy iqlim maqsadlarini qoʻllab-quvvatlash yoʻlidagi izchil saʼy-harakatlarini namoyon etadi.