
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi “Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ ishchi guruhi oʻzlari biriktirilgan hududlarda izchil faoliyat olib bormoqda.

Xususan, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod va Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanlarida roʻyxatga olish jarayonlarini belgilangan tartib asosida tashkil etishga koʻmaklashilmoqda. “Oʻzkimyosanoat” AJ masʼullari hamda tumanlardagi shtab aʼzolari tomonidan korxona va tashkilotlarda xodimlar oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borilib, aholini roʻyxatga olish jarayonida ishtirok etish hamda maʼlumotlarni census.stat.uz rasmiy platformasi orqali kiritish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, mahalla fuqarolar yigʻini aʼzolari bilan hamkorlikda aholi oʻrtasida targʻibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur tadbir mamlakatimizda aholining ijtimoiy-demografik holatini, mehnat resurslarini hamda qishloq xoʻjaligi salohiyatini aniq hisobga olish, shuningdek, kelgusida davlat dasturlari va strategik rejalarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eslatib oʻtamiz, tadbir 15-yanvardan 31-yanvargacha – oʻn yetti kun davomida census.stat.uz sayti orqali OneID tizimi yordamida onlayn roʻyxatdan oʻtish tarzida boʻlib, ikkinchi bosqich 4-fevraldan 28-fevralgacha mahalla yettiligi aʼzolarining uyma-uy yurib, planshet orqali roʻyxatga olish jarayonlari bilan yakunlanadi.

.jpg)
