Joriy yilning 16-17-oktyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahridagi "Oq qush" majmuasida Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi oʻtkazilmoqda. Ushbu muhim tadbir sanoat sohasidagi yirik tarmoq korxonalari va mahalliy tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida samarali hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yangi investitsiya va loyihalarni rejalashtirishga qaratilgan. Yarmarkaning asosiy maqsadlari — respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida keng qamrovli axborot berish, tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish, yangi shartnomalar imzolash va mahalliylashtirish boʻyicha kelishuvlarga erishishdir. Shuningdek, yarmarka import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish, mamlakat sanoatini raqobatbardoshlik jihatdan yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalari ham yarmarkada oʻz mahsulotlari, innovatsion texnologiyalari va investitsiya loyihalari bilan ishtirok etmoqda. Jamiyat hududiy tarmoqlararo aloqalarni mustahkamlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va mahalliylashtirish yoʻlida muhim qadamlarni amalga oshirmoqda.
Yarmarka davomida tabiiy va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, neft-kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari, mebelsozlik, elektr-energetika va elektrotexnika sanoati sohalaridagi korxonalar oʻrtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanadi. Shuningdek, kichik va oʻrta biznes subyektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratilishi, ularning sanoatga integratsiyalanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Umuman olganda, mazkur yarmarka mamlakatning sanoat salohiyatini oshirishda muhim omil boʻlib, hududlar iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga imkon yaratadi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati