Joriy yilning 7-oktabr kuni Toshkent shahrida “Oʻzkimyosanoat” Aksiyadorlik jamiyati tomonidan Rossiyaning polimer va kauchuk ishlab chiqaruvchi yetakchi SIBUR kompaniyasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda polimer sanoatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida forum tashkil etildi.
Mazkur forumda 120 ta kompaniya vakillari boʻlgan 200 dan ortiq mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbir sohaga oid vazirlik va idoralar vakillari, xom ashyo ishlab chiqaruvchilar hamda uni qayta ishlovchilar oʻrtasida oʻzaro muloqot shaklida oʻtkazildi.
Forumda polimerni qayta ishlovchilar uchun yangi innovatsion yechimlar taklif etildi, tarmoq rivojlanishini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, polimerlar isteʼmolining istiqbolli segmentlari va oʻsish drayverlari muhokama qilindi.
Maʼlumot oʻrnida, polimerlar mashinasozlik, toʻqimachilik sanoatlari, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, avtomobil va kemasozlik, kundalik hayotda (toʻqimachilik va charm buyumlar, idish-tovoqlar, yelim va laklar, zargarlik buyumlari)da keng qoʻllaniladi.
Forum doirasida tashkil etilgan muhandislik va yoʻl infratuzilmasi, qadoqlash hamda qurilish tarmoqlari boʻyicha sessiyalar ishida Sibur kompaniyasi vakillari turli tarmoqlarda polimerlarni qo‘llash imkoniyatlariga to‘xtaldilar. Anjumanda davlat idoralari vakillari, sohaga oid tadbirkorlik subyektlari, xorijiy hamkorlar tarmoq istiqboliga doir qator taklif va mulohazalarini bildirdilar.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati